Saylovda O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz to‘pladi

Ayni paytda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot markazida Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tmoqda.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi xalqaro va milliy saylov mezonlari asosida, ko‘tarinki ruhda o‘tkazilgani qayd etildi. Shuningdek, mamlakatimiz tarixida ilk marotaba muddatidan ilgari tashkil etilgan saylovda fuqarolar faol ishtirok etgani, saylov yangilangan Konstitutsiya normalari asosida o‘tkazilgani qayd etildi.

Matbuot anjumanida siyosiy tadbirni 15 ta xalqaro tashkilot, 47 ta xorijiy davlatdan tashrif buyurgan jami sakkiz yuz nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib borgani, shuningdek, saylovni jami 1 ming 400 nafar mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari yoritib borgani ta’kidlandi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida jami saylovchilarning 15 million 651 ming 405 nafari yoki 79,88  foizi ovoz berishda ishtirok etdi.

Dastlabki natijalarga ko‘ra, Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatov 629 ming 119 ta yoki 4,02 foizi, “Adolat” SDPdan nomzod Robaxon Mahmudova 693 ming 634 ta yoki 4,43 foiz, O‘zLiDePdan nomzod Shavkat Mirziyoyev 13 million 625 mingdan ortiq yoki 87,05 foiz, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan nomzod Abdushukur Hamzayev 3,74 foiz ovoz to‘pladi.

Matbuot anjumani davom etmoqda.

Published On: Iyul 10, 2023Views: 203