Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi dastur amalga oshiriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Davlatimiz siyosatida inson manfaatlari, ijtimoiy adolat tamoyillari ustuvor. Shu boisdan ham aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allik borligi tan olinib, uni qisqartirish bo‘yicha alohida tizim joriy qilindi. Bunga qo‘shimcha, joriy yil boshida barcha tumanlar sharoitiga ko‘ra 5 ta toifaga ajratilib, tabaqalashgan yengilliklar berildi. Bularning natijasida o‘tgan yili 1 million nafar, bu yil birinchi chorakda 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarildi.

Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1 trillion 500 milliard so‘m subsidiyalar ajratilayapti. “Ijtimoiy himoya reyestri” orqali 2 million 300 ming muhtoj oila, xotin-qizlar, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan qamrab olindi.

Lekin, bu natijalar hali yetarli emas. Kambag‘allikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir.

Shu bois yig‘ilishda bu borada yangi bosqichga o‘tish, rag‘bat choralarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Oxirgi besh yilda yurtimizda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga ko‘paydi. Bu – bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi, degani. Agar davlat bu tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilib, ularni qo‘llab-quvvatlasa, joylarda bandlikni hal qilish imkoniyati ortadi.

Masalan, aholini kasb-hunarga o‘qitish uchun har yili davlat tomonidan 200 milliard so‘m ajratilyapti. Lekin bu mablag‘lar tadbirkor bilan bog‘lanmagan. Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, o‘zi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin, bunda davlat qo‘llab-quvvatlovi yo‘q.

– Buning birdan-bir to‘g‘ri yechimi – tadbirkorga sharoit yaratib, ular bilan manfaatli hamkorlik qilish. Bu orqali ham bandlikni ta’minlaymiz, ham malakali mutaxassis tayyorlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi ma’lum qilindi. Unda ishtirok etish ixtiyoriy bo‘ladi. Dasturga 2023-2024 yilda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Bu mablag‘lar hisobidan tadbirkorga kambag‘al oilalar a’zosini kasbga o‘qitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga o‘qitish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambag‘al oila a’zosini bir yil davomida ish bilan ta’minlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. 5 million so‘mgacha ish haqi to‘layotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravar kamaytiriladi. Kambag‘al oila a’zosi ham daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Shuningdek, soliq va bojxona ma’murchiligida ham yengilliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, bunday tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi. Ularga qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda ortiqcha to‘langan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi. Barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib to‘lash imkoni beriladi. Bojxona rasmiylashtiruvida “yashil yo‘lak” tartibi qo‘llaniladi.

Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan ta’minlashda qo‘shimcha yengilliklar beriladi. Masalan, yer va bino-inshootlarni xususiylashtirishda bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Qiymati 50 milliard so‘mdan yuqori loyihalar bo‘yicha infratuzilma xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tizim asosida joriy yilda 550 ming aholini o‘qitib, kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi aytildi.

Ma’lumki, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoyda tajriba katta. Ushbu tajriba asosida har bir viloyatda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bunda, kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga e’tibor qaratiladi. Endi har yili tasdiqlanadigan davlat investitsiya dasturlari ham shu asosda shakllantiriladi.

Mutasaddilarga tanlab olingan 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks dastur ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari yangi tizim asosidagi ishlarni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.

Published On: Iyun 5, 2023Views: 654