Madaniy va gumanitar hamkorlik
Madaniy-gumanitar sohadagi munosabatlar muntazam ravishda rivojlanmoqda. 2010 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida ilm-fan va texnologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha Kelishuv imzolanishi ilmiy-texnikaviy yo‘nalishdagi aloqalarning yanada yuqori bosqichga chiqqanligining belgisidir.
So‘nggi yillarda madaniy va ta’lim sohalarida aloqalarni kengaytirish borasida AQSh bilan sermahsul hamkorlik munosabatlari rivojlanmoqda. Ushbu sohalarda quyidagi tadbirlarning muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi bu haqda yaqqol dalolat beradi:
– Amerikaning «Alice Underground» jaz guruhining O‘zbekistonga tashrifi va respublikaning bir necha oliy ta’lim muassasalarida master-klasslar o‘tkazish bilan birgalikdagi Toshkent shahridagi chiqishi (2016-yil 9-16 dekabr);
– O‘zbekiston Respublikasi va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasida diplomatic aloqalarning 25 yilligi munosabati bilan «O‘zbekiston-AQSh: 25 yillik mustahkam hamkorlik» mavzusida «davra suhbati»ning o‘tkazilishi (2017-yil 7-yanvar);
– «Miraf Entertainment LLC» kompaniyasi boshchiligida o‘zbek estrada namoyondalarining AQShda konsert dasturlarida ishtirok etishi (2017-yil 1-5-mart);
– Nyu-Yorkda o’zbek estrada xonandasi Y.Usmanovaning konsert dasturini o’zbek diasporasi vakillari bilan birgalikda tashkil qilinishi.
O’zbekiston va Amerika Qo’shma Shtatlari ta’lim va akademik sohalaridagi dasturlarni amalga oshirishda izchil hamkorlik olib bormoqda, xususan:
– ikki davlat o‘rtasida gumanitar va ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari vakillarining o‘zaro tashriflari;
– ingliz tili, menedjment va biznes-ta’lim bo‘yicha AQSH mutaxassislarini O‘zbekistonning tilga ixtisoslashgan va iqtisod-biznes yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash oliy ta’lim muassasalariga joylashtirish;
– O’zbekiston va AQSH olimlari va mutaxassislarining qo’shma ilmiy loyihalarini tashkil etish.
Ushbu hamkorlik doirasida O‘zbekistonda AQShning beshdan ortiq mutaxassisi o‘z faoilayitini yuritmoqda.
Mazkur sohada uchrashuvlar, muzokaralar va aktual masalalarni muhokama qilish maqsadida 2016-yil 8-10-noyabr kunlari AQSh Departamenti universitetlararo hamkorlik koordinatori R.Boyumning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.
O’zbekiston va AQSH agrar universitetlari o’rtasida 2017 yilda 8 ta memorandum imzolangan bo’lib, ular ilmiy-ma’rifiy sohadagi hamkorlikning amaliy qadamlarini ilgari surmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti rektori E.Kanyazov boshchiligidagi delegatsiyaning AQShga tashrifi Boston kolleji, Jorjtaun universiteti va Amerika universiteti huquqshunoslik kolleji bilan o’zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga asos bo’ldi. Natijada, ushbu universitetlarning o’qituvchilari TDYUning o’zbekistonlik talabalari uchun ma’ruzalar o’qitish va seminarlar o’tkazishdi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017-yil sentabr oyida AQShga qilgan tashrifi doirasida 2018 yilda respublikada Amerika oliy ta’lim muassasalarining ichida birinchi marotaba Webster universiteti filiali ochilishi haqida kelishuvga erishildi.