Xorijga chiqish biometrik pasporti


Faqat AQSh (Alabama, Arkanzas, Kolorado, Delaver, Kolumbiya okrugi, Florida, Jorjiya, Kentukki, Luiziana, Merilend, Missisipi, Shimoliy Karolina, Janubiy Karolina, Oklaxoma, Tennessi, Texas, Virjiniya, G’arbiy Virjiniya) hamda Braziliya, Kanada va Kubada qonuniy ravishda yashovchi O‘zbekiston fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar Vashingtondagi Elchixonaga murojaat qilishadi.

AQShning boshqa shtatlarida istiqomat qilayotgan va Amerika qit’asining boshqa davlatlarida yashayotgan fuqarolar O‘zbekistonning Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasiga murojaat qilishlari lozim (www.uzbekconsulny.org, tel: (212)754-7403, 754-6178, (917)539-4664 (моб), (347)217-4406 (моб), email:   info@uzbekconsulny.orgvisauzbekistan@gmail.com).

Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish O‘zbekiston fuqarolarining quyidagi toifalariga nisbatan amalga oshiriladi:

(1) O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan hamda xizmat safarida bo‘lish, o‘qish, tibbiyot muassasalarida davolanish, shartnoma asosida mehnat faoliyatini amalga oshirish va oilasi bilan birlashish maqsadlarida Elchixona konsullik okrugida qonuniy ravishda olti oydan ortiq muddatda vaqtincha bo‘lib turgan hamda Elchixona Konsullik bo‘limida vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olingan fuqarolar (ro‘yxatga turish tartibi shu erda https://uzbekistan.org/page/view?id=45&language=uz):

(2) Xorijda doimiy yashash uchun O‘zbekistondan belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarilgan va xorijga doimiy yashashga chiqishga ruxsat yozuvi – stikeri (ya’ni – pasportida “doimiy yashashga ketishga ruxsat berildi”, “departure for permanent residence abroad is authorized” muhri qo’yilgan) yoki manzildan jo‘nab ketish varaqasi asosida O‘zbekistondan chiqqan hamda Elchixona konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan fuqarolar (ro‘yxatiga turish tartibi shu yerda – https://uzbekistan.org/page/view?id=31&language=uz).

UMUMIY QOIDALAR

(1) dastlabki bosqichda xorijga chiqish pasportini olish uchun hujjatlar quyidagi toifadagi fuqarolardan qabul qilinadi:

– 16 yoshga to‘lmagan bolalar, shu jumladan, avval O‘zbekiston fuqarolik pasportini olmagan farzandlar (Konsullik bo‘limida vaqtincha yoki doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan bo‘lish lozim);

– 16 yoshga to‘lgan va 2011 yilgi namunadagi biometrik pasportiga ega fuqarolar (18 yoshga to‘lgan, O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tgan, Konsullik bo‘limida vaqtincha konsullik ro‘yxatiga olingan va 2016 yil 23 sentyabrdan keyin chet el fuqaroligini qabul qilgan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishlari lozim,  hujjatlar ro‘yxati shu yerda https://uzbekistan.org/page/view?id=43&language=uz) va (18 yoshga to‘lgan, O‘zbekistondan belgilangan tartibda ro‘yxatdan chiqarilgan, Konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan va chet el fuqaroligini qabul qilgan shaxslar O‘zbekiston fuqaroligidan chiqish bo‘yicha hujjatlarni taqdim etishlari mumkin,  hujjatlar ro‘yxati shu yerda https://uzbekistan.org/page/view?id=34&language=uz);

(2) O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan yoki sud qarori bilan ro‘yxatdan chiqarilgan fuqarolar (Konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan bundan mustasno), pasporti yo‘qolgan, yaroqsiz holga kelgan yoki muddati o‘tgan hollarda O‘zbekistonda ketishdan 1-3 oy avval Konsullik bo‘limiga murojaat qilib,  O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomasini olishlari lozim (hujjatlar ro‘yxati shu yerda https://uzbekistan.org/page/view?id=36);

(3) 16 yoshga to‘lgan va avval O‘zbekiston fuqarolik pasportini olmagan fuqarolar (Konsullik bo‘limida doimiy konsullik ro‘yxatiga olingan bundan mustasno) O‘zbekistonda ketishdan 3 oya avval Konsullik bo‘limiga murojaat qilib, O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnomasini olishlari lozim (hujjatlar ro‘yxati shu yerda https://uzbekistan.org/page/view?id=36);

(4) Pasport olish uchun arizachi (bolalar ota-onalari yoki ulardan biri bilan birga) Konsullik bo‘limiga SHAXSAN murojaat qilishi (kelishi) lozim (Konsullik bo‘limiga kelishdan oldin,  arizachi  quyidagi sayt orqali https://consulate.mfa.uz/passport/index?language=uz so‘rovnoma– arizasini to‘ldiradi va tegishli hujjatlarni biriktirib, taqdim qiladi (submit) va quyidagi telegram kanali @consulwashington yoki emil: uzbekconsul.org@gmail.com yoki consul.washington@mfa.uz orqali Konsullik bo‘limiga xabar yuboradi. Konsullik xodimi saytda taqdim qilingan hujjatlarni tekshiradi va arizachi bilan kelishgan holda uning Konsullik bo‘limiga kelish kuni va vaqtini belgilaydi hamda pasport rasmiylashtirish buyicha konsullik yig‘imlarining miqdorini ma’lum qiladi.

(5) Ariza beruvchi Konsullik bo‘limiga kelganidan so‘nga, u taqdim qilgan hujjatlari asosida konsullik xodimi uning biografik ma’lumotlarini, qo‘l barmoqlarining elektron izlarini (16 yoshdan katta shaxslar uchun) to‘playdi, yuzni to‘g‘ridan raqamli formatda rasmga oladi va xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun buyurtmanomani shakllantiradi, elektron buyurtmanoma Konsullik bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga maxsus elektron dastur orqali yuboriladi. Tayyor bo‘lgan pasportni Davlat personallashtirish markazi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga va ushbu vazirlik diplomatik pochta orqali Elchixonaga yuboradi (tayyor pasportni olish muddati taxminan 1,5-2 oy).  Konsullik xodimi arizachiga https://t.me/zagranpasportuz telegramm kanali orqali pasprot tayyor bo‘lganlik haqida xabar beradi va arizachi pasportni Konsullik bo‘limidan olib ketadi.

(6) Konsullik bo‘limiga tashrif buyuruvchilardan ijtimoy masofalanish va niqob taqish tartibiga qattiq riyo qilish talab etiladi.

XORIJGA CHIQISH PASPORTINI RASMIYLASHTIRISH

BO‘YICHA HUJJATLAR RO‘YXATI

1. Xorijga chiqish pasportini olish uchun arizachi ushbu sayt https://consulate.mfa.uz/passport/index?language=uz  orqali elektron so‘rovnoma – arizasini to‘ldiradi va unga elektron fotosuratni quyidagi talablar bo’yicha yuklaydi TALABLAR  va TALABLAR

MUHIM: 16- va 17- bandlarni batafsil to’ldirish shart:

(16- band) – oxirgi 5 yillik mehnat faoliyati (xorijdagi ham) to’g’risida (shu jumladan, ta’lim muassasalarida o’qish va harbiy xizmat) xronologik va sanalar (kun, oy, yil)da uzilishsiz tartibda;

(17-band) – yaqin qarindoshlar haqida (turmush o‘rtog’i, farznadlari va sobiq turmush o‘rotg’i – agarda birga farzandlari bo‘lsa);

2. Pasportning asli va muhr, belgilar qo‘yilgan varaqlaridan nusxa;

3. Konsullik ro‘yxatiga olinganlik tasdig‘i, agarda pasporga konsullik ro‘yxatiga olinganlik muhri qo‘yilmagan bo‘lsa (ro‘yxatiga turish tartibi shu yerda http://uzbekistan.org/page/view?id=45);

4. 35 x 45 mm hajmdagi fotosurat (1 dona);

5. Fuqaroning xorijiy mamlakat hududida qonuniy tarzda bo‘lishini tasdiqlovchi hujjat asli hamda nusxasi: «permanent resident card», «green card» va shu kabilar; xorijga xizmat safariga chiqib ketganlar uchun – buyruq yoki xizmat safari guvohnomasining nusxasi; xorijga o‘qishga chiqib ketganlar uchun – o‘qish joyidan ma’lumotnoma, va o‘qishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asli hamda nusxasi (F1, I-20, student ID karta, viza va shu kabilar); xorijga davolanishga chiqib ketganlar uchun – O‘zbekiston Respublikasi yoki bo‘lib turgan mamlakat tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tibbiy hujjatlar asli hamda nusxasi (tibbiy ma’lumotnoma, tibbiy muassasa taklifnomasi va shu kabilar); xorijga ishlashga chiqib ketganlar uchun – ish joyidan ma’lumotnoma, mehnat shartnomasidan asli hamda nusxasi; oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga chiqib ketganlar uchun – nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma hamda voyaga yetmagan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari (birgalikdagi nikohdan bolalar bo‘lganda) asli hamda nusxasi.

6. Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun 170 AQSh dollari miqdoridagi konsullik yig‘imlari undiriladi (16 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun – 20 AQSh dollari), shuningdek pasport yo’qolgan taqdirda qo’shimcha 70 AQSh dollari, yaroqsiz passport uchun – $ 50, 18 yoshdan boshlab. Konsullik yig‘imlari “Money Order” yoki Amerika banklari tomonidan qabul qilingan chek shaklida qabul qilinadi (pulni qabul qiluvchi – The Embassy of Uzbekistan in Washington DC).

7. 18 yoshga to‘lgan fuqaro pasport muddati tugaganidan so‘ng bir oy o’tgandan keyin passport rasmilashtirishga murojaat qilsa 50 AQSh dollari miqdorida jarima undiriladi (bunda pasportining amal qilish muddati tugaganidan keyingi bir oylik muddatning tugash vaqtidan boshlab 365/366 kalendar kun nazarda tutiladi)

Pasport olish uchun o’z vaqtida murojaat qilinmagan bo‘lsa, pasportning kechiktirib olish sabablari batafsil ko’rsatilgan holda Konsullik bo’limiga yozma tushuntirish xati topshirilishi kerak.

8. Harbiy guvohnoma yoki hisobda turganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asli va nusxasi yoki mudofaa bo‘limining belgilangan tartibdagi ma’lumotnomasi (18-27 yoshdagi harbiy xizmatga majbur shaxslar uchun, agarda O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan yoki sud qarori bilan ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lsa, belgilangan tartibda xorijga doimiy chiqishga ruxsat olgan fuqrolar bundan mustasno);

VOYAGA ETMAGAN SHAXSLARGA  XORIJGA CHIQISH PASPORTINI RASMIYLASHTIRISH BO‘YICHA

HUJJATLAR RO‘YXATI

Voyaga yetmagan shaxslar va 16 yoshga to‘lganidan keyin xorijga chiqish biometrik pasportini olgan, ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillar bilan doimiy konsullik ro‘yxatida turgan shaxslar uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:

1. Xorijga chiqish pasportini olish uchun arizachi ushbu sayt https://consulate.mfa.uz/passport/index?language=uz  orqali elektron so‘rovnoma – arizasini to‘ldiradi va unga elektron fotosuratni quyidagi talablar bo’yicha yuklaydi TALABLAR  va TALABLAR

MUHIM: 16- va 17- bandlarni batafsil to’ldirish shart: 

(16- band) – oxirgi 5 yillik mehnat faoliyati (xorijdagi ham) to’g’risida (shu jumladan, ta’lim muassasalarida o’qish va harbiy xizmat) xronologik va sanalar (kun, oy, yil)da uzilishsiz tartibda;

(17-band) – yaqin qarindoshlar haqida (turmush o‘rtog’i, farznadlari va sobiq turmush o‘rotg’i – agarda birga farzandlari bo‘lsa);

2. Tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma asli va nusxasi (16 yoshga to‘lmagan shaxslar va birinchi marotaba xorijga chiqish biometrik pasporti rasmiylashtirilayotgan 16 yoshga to‘lgan shaxslar uchun).Tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma:

a) O’zbekistonda FHDYo tomonidan yoki chet ellardagi konsullik muassasalarida berilgan tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnoma (metrika);

b)  agar farzand AQSh hududida tug‘ilgan bo‘lsa, avval AQSh vakolatli idorasidan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomani olish, Siz yashab turgan shtat Davlat Kotibi (Secretary of State) da Apostil qilinishi hamda  tug‘ilganlk haqidagi guvohnoma va Apostilning bir dona kseronusxasi taqdim qilinadi;

в) аgar farzand Kanada hududida tug‘ilgan bo‘lsa, Kanada vakolatli idoralari tomonidan unga berilgan tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi Kanada Tashqi ishlar vazirligi (Global Affairs Canada)da legalizatsiya qilinishi hamda tug‘ilganlilk haqidagi guvohnomaning asli va bir dona nusxasi, shuningdek 35 AQSh dollari miqdoridagi Money Order taqdim qilinadi.

3. Agar bolaning pasporti bo’lsa, pasportning asli va muhr, belgilar qo‘yilgan varaqlaridan nusxa.

4. Konsullik ro‘yxatiga olinganlik tasdig‘i, agarda pasportga konsullik ro‘yxatiga olinganlik muhri qo‘yilmagan bo‘lsa (ro‘yxatiga turish tartibi shu yerda http://uzbekistan.org/page/view?id=45);

4. 35 x 45 mm hajmdagi fotosurat (1 dona);

5. Voyaga yetmagan shaxsga birinchi marotaba xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillar pasportlarining asli va titul varagining nusxasi.

Ota-onalardan birining pasportini taqdim etish imkoni bo‘lmagan hollarda tegishli hujjat taqdim etiladi, xususan, o‘lim haqidagi guvohnoma, nikoh bekor qilinganligi haqida guvohnoma, nikoh haqiqiy emas deb topilganligi haqida sud qarorining ko‘chirmasi (nusxasi), vakolatli organlardan ota-onalardan birining bedarak yo‘qolgan yoki vafot etgan deb topilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma, bola yolg‘iz ota yoki onaning qaramog‘ida ekanligini tasdiqlovchi hujjat yoki turgan mamlakat qonunchiligiga muvofiq shunga o‘xshash teng hujjat.

6. Voyaga yetmagan bola va uning ota-onalarining xorijiy mamlakat hududida qonuniy tarzda bo‘lishini tasdiqlovchi hujjat asli hamda nusxasi: «permanent resident card», «green card» va shu kabilar; xorijga xizmat safariga chiqib ketganlar uchun – buyruq yoki xizmat safari guvohnomasining nusxasi; xorijga o‘qishga chiqib ketganlar uchun – o‘qish joyidan ma’lumotnoma, va o‘qishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlar asli hamda nusxasi (F1, I-20, student ID karta, viza va shu kabilar); xorijga davolanishga chiqib ketganlar uchun – O‘zbekiston Respublikasi yoki bo‘lib turgan mamlakat tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan tibbiy hujjatlar asli hamda nusxasi (tibbiy ma’lumotnoma, tibbiy muassasa taklifnomasi va shu kabilar); xorijga ishlashga chiqib ketganlar uchun – ish joyidan ma’lumotnoma, mehnat shartnomasidan asli hamda nusxasi; oilasi bilan birlashish maqsadida xorijga chiqib ketganlar uchun – nikoh tuzilganligi haqida guvohnoma hamda voyaga etmagan bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari (birgalikdagi nikohdan bolalar bo‘lganda) asli hamda nusxasi.

7. O‘zbekiston hududida doimiy yashovchi (doimiy ro‘yxat – propiskada turuvchi) ota-onalardan birining yoki boshqa qonuniy vakilning 18 yoshga to‘lmagan farzandiga xorijga chiqish biometrik pasportini olishiga e’tirozi yo‘qligi haqida mahalliy notarius tomonidan tasdiqlangan va apostil muhri quyilgan rozilik arizasi. Agarda bolaning ota-onasi Konsullik bo‘limiga tashrif buyurishsa, unlarning mazkur rozilik arizasini Konsullik bo‘limida rasmiylashtirish mumkin va uning uchun 35 AQSh dollari miqdoridagi konsullik yig‘imlari undiriladi (bu holda rozilik arizasini mahalliy notariusda tasdiqlash va apostil qildirilish talab qilinmaydi).

8. Ota-onalardan biri xorijiy davlat fuqarosi bo‘lsa, uning 18 yoshga to‘lmagan farzandini xorijga chiqish biometrik pasportini olishiga e’tirozi yo‘qligi haqida mahalliy notarius tomonidan tasdiqlangan va apostil muhri quyilgan rozilik arizasi. Agarda xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan ota konsullik bo‘limiga tashrif buyursa, mazkur rozilik arizasini Konsullik bo‘limida rasmiylashtirish mumkin va uning uchun 85 AQSh dollari miqdoridagi konsullik yig‘imlari undiriladi (bu holda rozilik arizasi mahalliy notarius tomonidan tasdiqlanishi va apostil qildirilishi talab qilinmaydi).

9. 18 yoshga to‘lmagan bolani hamrohlik qiluvchi shaxsning mahalliy notarius tomonidan tasdiqlangan va apostil muhri quyilgan majburiyati. Mazkir majburiyat arizasini Konsullik bo‘limida rasmiylashtirish uchun 35 AQSh dollari (xorijiy davlat fuqarosi bo‘lgan ota yoki ona uchun 85 AQSh dollari) miqdoridagi konsullik yig‘imlari undiriladi (15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarning voyaga etmaganning mustaqil ravishda xorijga chiqishga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga mustaqil chiqishlari mumkin).

10. Xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirish uchun 170 AQSh dollari miqdoridagi konsullik yig‘imlari undiriladi (16 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun – 20 AQSh dollari), shuningdek pasport yo’qolgan taqdirda qo’shimcha 70 AQSh dollari, yaroqsiz passport uchun – $ 50, 18 yoshdan boshlab. Konsullik yig‘imlari “Money Order” yoki Amerika banklari tomonidan qabul qilingan chek shaklida qabul qilinadi (pulni qabul qiluvchi – The Embassy of Uzbekistan in Washington DC).

11. 18 yoshga to‘lgan fuqaro pasport muddati tugaganidan so‘ng bir oy o’tgandan keyin passport rasmilashtirishga murojaat qilsa 50 AQSh dollari miqdorida jarima undiriladi (har bir 365/366 kalendar yil uchun)

Pasport olish uchun o’z vaqtida murojaat qilinmagan bo‘lsa, pasportning kechiktirib olish sabablari batafsil ko’rsatilgan holda Konsullik bo’limiga yozma tushuntirish xati topshirilishi kerak.

12. 16 yoshga to‘lmagan shaxslar nomidan ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari tegishli arizalar bilan murojaat qilishadi va 1-bandda ko‘rsatilgan anketani to‘ldiradilar.

13. Harbiy guvohnoma yoki hisobda turganlik to‘g‘risidagi guvohnoma asli va nusxasi yoki mudofaa bo‘limining belgilangan tartibdagi ma’lumotnomasi (harbiy xizmatga majbur shaxslar uchun, agarda O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatda turgan yoki sud qarori bilan ro‘yxatdan chiqarilgan bo‘lsa, belgilangan tartibda xorijga doimiy chiqishga ruxsat olgan fuqrolar bundan mustasno);

PASPORT YO’QOLGAN HOLDA

Konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston fuqarolarining pasportlari yo‘qotilishi munosabati bilan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirishda pasportini rasmiylashtirish uchun buyurtmanoma shakllantirilishidan oldin konsul shaxsni tasdiqlash uchun xujjatlarni O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamentga yuboradi.

Konsullik muassasalari tomonidan berilgan passport yo‘qotilgan taqdirda, fuqaroning shaxsini tasdiqlash uchun hujjatlarini Konsullik-huquqiy departamentga yuborish talab etilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasi vakolatli organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasidagi doimiy propiska qilingan joy bo‘yicha berilgan xorijga chiqish biometrik pasporti yo‘qotilgan taqdirda, shaxsni tasdiqlash amalga oshirilishi shart. Ariza beruvchining shaxsi va uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi tasdiqlanganidan so‘ng, konsul unga pasport rasmiylashtirish harakatlarni amalga oshiradi.

Pasport yo‘qotilganda fuqaro xorijiy davlat vakolatli idoralari tomonidan pasport yo‘qotilganligi haqida berilgan ma’lumotnomani taqdim qilinadi.

FUQARONING BIOGRAFIK MA’LUMOTLARI O’ZGARGAN HOLDA

Familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganligi yohud yozuvlarda noaniqliklar va xatolar mavjudligi aniqlanganligi munosabati bilan xorijga chiqish biometrik pasporti almashtirilayotganda fuqaro konsullik muassasasiga ushbu holatlarni tasdiqlaydigan hujjatlarni taqdim etadi.

Chet elda turmush qurgan yoki ajrashgan taqdirda, nikoh yoki ajralish to’g’risidagi guvohnomaning asl nusxasini taqdim etish va belgilangan tartibda ushbu hujjatning Apostil yoki legalizatsiya qilingan nusxasini taqdim etish kerak.

ESLATMA

1. Xorijga chiqish biometrik pasporti fuqarolarga quyidagi amal qilish muddatlariga beriladi:

tug‘ilgan kunidan boshlab bir yoshgacha – ikki yil muddatga;

bir yoshdan 16 yoshgacha – 5 yil muddatga;

16 yoshdan oshgan shaxslarga – 10 yil muddatga.

2. Almashtirishga, shuningdek, 18 yoshga to‘lishi munosabati bilan xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish uchun arizalar quyidagi hollarda qabul qilinadi: (a) pasport amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin va pasport amal qilish muddati tugaganidan keyin bir oylik muddatda; (b) 18 yoshga to‘lgandan keyin bir oylik muddatda.

Yuqorida keltirilgan muddatlar o‘tganidan so‘ng o‘z vaqtida rasmiylashtirilmaganligi uchun, shuningdek, keyingi har bir kalendar yil hisobidan (bunda xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilish muddati tugaganidan keyingi bir oylik muddatning tugash vaqtidan boshlab 365/366 kalendar kun nazarda tutiladi) Konsullik yig‘imlari tariflariga muvofiq qo‘shimcha konsullik yig‘imlari undiriladi.

3. Konsullik muassasasining mansabdor shaxsi Konsullik-huquqiy departamentdan tushgan xorijga chiqish biometrik pasportini ariza beruvchiga imzo chektirib topshiradi va konsullik ro‘yxatiga olinganligi to‘g‘risida shtamp bosadi. Bunda almashtirilayotgan nobiometrik yoki biometrik pasport o‘rniga tayyor xorijga chiqish biometrik pasportini berishda nobiometrik yoki biometrik pasport konsullik muassasasining mansabdor shaxsi tomonidan olib qolinadi (vaqtinchalik konsullik ro‘yxatida turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining amaldagi biometrik pasporti bundan mustasno, unga xorijga chiqish biometrik pasporti berilgani to‘g‘risida shtamp bosiladi), uni bergan yig‘ish punktiga belgilangan tartibda bekor qilish uchun yuboriladi va tegishli ma’lumotlar konsullik muassasalari tomonidan ular turgan davlatning Tashqi ishlar vazirligiga yoki ularga nisbatan o‘zaro kelishuv mavjud bo‘lsa, boshqa vazirligiga, shuningdek, borilgan mamlakatda xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalariga yuboriladi.

4. Pasport berish masalasini ko’rib chiqish muddati – bir oy. Ammo ko’rib chiqish muddati O’zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga muvofiq uzaytirilishi mumkin.

5. 15 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ota-onalar yoki boshqa qonuniy vakillarning voyaga etmaganning mustaqil ravishda xorijga chiqishga notarial tasdiqlangan roziligi bo‘lgan taqdirda xorijga mustaqil chiqishlari mumkin.

6. Doimiy konsullik ro‘yxatida turuvchi arizachiga nobiometrik va biometrik pasport o‘rniga xorijga chiqish biometrik pasporti berilayotganda undan oldin berilgan pasport olib qo‘yiladi, unga xorijga chiqish biometrik pasporti berilganligi to‘g‘risida shtamp qo‘yiladi.

QONUN HUJJATLARI BILAN QUYIDAGILAR UCHUN JAVOBGARLIK BELGILANADI:

– amal qilish muddati o‘tgan xorijga chiqish biometrik pasportini o‘z vaqtida topshirilmaganligi uchun;

– xorijga chiqish biometrik pasportini qasddan yaroqsiz holga keltirish, shuningdek, yo‘qotilishiga sabab bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasportiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lmaslik;

– yo‘qotilganlik haqida ariza bilan murojaat qilingan xorijga chiqish biometrik pasportidan, shuningdek, boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan xorijga chiqish biometrik pasportidan g‘arazli maqsadlarda foydalanish;

– xorijga chiqish biometrik pasportini qonunga zid ravishda olib qo‘yish yoki uni garov sifatida qabul qilish;

– xorijga chiqish biometrik pasportini g‘arazli maqsadlarda olib qo‘yish, yo‘q qilish, yaroqsiz holga keltirish va yashirish.

O’zbekiston fuqarosining  pasporti to’g’risida ma’lumot.

(1) O‘zbekistonning xorijdagi elchixona va konsulxonalarida O’zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik (yashil) pasporti va xorijga chiqish stikri (OVIR viza)ni berish tuxtatilgan. 

(2) O‘zbekistonning xorijdagi elchixona va konsulxonalarida faqat xorijga chiqish (to‘q qizil rangdagi) pasport beriladi (uni olish taribi shu havolada: https://uzbekistan.org/page/view?id=49&language=uz.

(3) O‘zbekistonning xorijdagi elchixona va konsulxonalarida O‘zbekistonning ID karta va haydovchilik guvohnomalari ham berilmaydi.

(4) O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixona va konsulxonalarida faqat O‘zbekistonning haydovchilik guvohnomasini olish mumkin.

(5) O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-5156-sonli Qaroriga binoan:

– 2019 yil 1 yanvardan boshlab O’zbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasporti amalga kiritiladi;

– 2019 yil 1 yanvardan boshlab xorijga chiqish ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish tartibi bekor qilinadi;

– O’zbekiston Respublikasi fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti uning egasining shaxsi va fuqaroligini tasdiqlovchi hujjat sifatida O’zbekiston Respublikasi hududida foydalaniladi;

– O’zbekiston Respublikasi fuqarolari kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan xorijiy davlatlar (jumladan Turkiya, Tailand va Malayziya) hududiga O’zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti (yashil)dan foydalangan holda, undagi  ruxsat yozuvi stiker (OVIR vizasi)ining amal qilish muddati tugagunga qadar O’zbekistondan chiqishlari mumkin;

– O’zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti asosida kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlarda bo’lib turgan O’zbekiston fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilmaydigan xorijiy davlatlarda bo’lish va ushbu davlatlar o’rtasida harakatlanishda pasportning amal qilish muddati tugaguniga qadar haqiqiy hisoblanadi;

– O’zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti asosida kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan xorijiy davlatlarda bo’lib turgan O’zbekiston fuqarolari uchun kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan xorijiy davlatlarda bo’lish va ushbu davlatlar o’rtasida harakatlanishda pasportning amal qilish muddati tugaguniga qadar haqiqiy hisoblanadi;

Shuningdek, – O’zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik pasporti kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilamaydigan xorijiy davlatlarda bo’lib turgan O’zbekiston fuqarolari uchun undagi ruxsat yozuvi stikerining amal qilish muddati tugagandan so’ng, kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etiladigan xorijiy davlatlarda kirish uchun haqiqiy hisoblanmaydi. Fuqarolarning qayd etilgan ushbu toifasi kirish vizalarini rasmiylashtirish talab etilamaydigan xorijiy davlatlarga kirish uchun O’zbekiston fuqarosining xorijga chiqish uchun biometrik pasportini rasmiylashtirishni so’rab, o’rnatilgan tartibda murojaat qilishi kerak.

O’zbekistonning chet eldagi vakolatxonalarida doimiy konsullik ro’yxatida turuvchi fuqarolarning O’zbekiston fuqarosining 2011 yilgi namunadagi biometrik (yashil) pasporti unda xorijga doimiy yashashga MUDDATSIZ ruxsat stiker (DOIMIY YASHASHGA KETISHGA RUXSAT BERILDI – DEPARTURE FOR PERMANENT RISIDENCE IS AUTHORISED) bo’lgan taqdirda, mazkur toifadagi fuqarolar pasportning amal qilish muddati tugagunga qadar barcha mamlakatlarga chiqish va kelish uchun haqiqiy hisoblanadi.