O‘zbekiston Prezidenti Pokiston delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 sentyabr kuni Pokiston Islom Respublikasi Qurolli kuchlari Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni general Asim Munir boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida yuqori darajali mehmon davlatimiz rahbariga Pokiston Prezidenti Orif Alviy va Bosh vazir vazifasini bajaruvchi Anvar Kakarning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.

Suhbatda ilgari qabul qilingan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq o‘zaro savdoning yuqori o‘sish sur’atini davom ettirish, infratuzilmaviy loyihalarni tezlashtirish hamda ikki mamlakat yetakchi korxonalarining kooperatsiya aloqalarini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash yuzasidan, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.

“Termiz – Mozori-Sharif – Peshovar” temir yo‘lini barpo etish loyihasini ilgari surish maqsadida amaliy sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Published On: Sentabr 5, 2023Views: 65