O‘tgan 11 oyda 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan, shundan 70 foizi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari hisoblanadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida IT infratuzilmasini yaxshilash, soha va tarmoqlarni raqamlashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, IT cohasi rivojlangani sari kiberxavfsizlikni ta’minlashning dolzarbligi oshmoqda.
O‘tgan 11 oyda 5,5 mingta kiberjinoyat sodir etilgan bo‘lsa, shundan 70 foizi bank kartalari bilan bog‘liq firibgarlik va o‘g‘irlik jinoyatlari hisoblanadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda 50 ga yaqin to‘lov tizimi bo‘lib, ularning hammasi ham kiberxavfsizlik talablariga javob bermasligi qayd etildi.
Noyabr oyida IT vositasida sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘yicha Prezident qarori imzolandi.
Mutasaddi vazirlik va idoralarga barcha elektron to‘lov tizimlari uchun yagona kiberxavfsizlik talablarini ishlab chiqish va ijrosini qat’iy nazorat qilish topshirildi.
Umuman, IT xizmatlari hajmini 20 trillion so‘mga, eksportni 800 million dollarga yetkazish, tarmoqlarda 130 ta axborot tizimini joriy qilish va 750 ta davlat xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish borasidagi rejalarni ishlab chiqish muhimligi qayd etildi.
Yig‘ilishda vazirlik va idoralar rahbarlari, hokimlarning hisoboti tinglandi.