Bojxona rasmiylashtiruvi markazi ishga tushdi

Mustaqillik xalqimizga erkinlik, ro‘shnolik olib kelganidek, har yili bu ayyomda yaxshiligu yangiliklar ko‘p bo‘ladi. Bu yil ham barcha hududlarda iqtisodiy-ijtimoiy inshootlar ishga tushirilmoqda.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi ana shunday bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 apreldagi bojxona ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirishga doir farmonida sohani raqamli transformatsiya qilish, xizmatlar sifati va tezkorligini oshirish chora-tadbirlari belgilangan edi. Jumladan, shu maqsadda Davlat bojxona qo‘mitasida Bojxona rasmiylashtiruvi markazi barpo etildi.

Prezidentimiz ushbu majmuani borib ko‘rdi.

Bu yerda Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi, Masofaviy elektron deklaratsiyalash posti, “Call-markaz”, Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limlari tashkil etilgan. Axborot tizimi xorijiy davlatlar, mamlakatimiz vazirlik va idoralari, tashqi iqtisodiy faoliyat vakillari, aviakompaniyalar ma’lumotlari bilan integratsiya qilingan. Ishni tashkil etishda tadbirkorlarning takliflari ham inobatga olingan.

Ma’lumotlarni qayta ishlash markazi amaldagi zaxiraga nisbatan o‘n barobar katta hajmli zamonaviy serverlar, kompyuter va boshqa zarur uskunalar bilan jihozlangan. Bu aloqa kanallari tezligini 5 barobarga oshirish va rasmiylashtiruv vaqtini 2 barobarga qisqartirishni ta’minlaydi. Butun tizim kiberhujumlardan himoyalangan.

Masofaviy elektron deklaratsiyalash postida dastlabki bosqichda Toshkent shahri tadbirkorlari masofadan turib yuboradigan bojxona yuk deklaratsiyalarini tezkorlik bilan rasmiylashtirish yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik bu bilan respublikadagi barcha rasmiylashtiruv jarayonlarini qamrab olish rejalashtirilgan.

“Call-markaz”da bojxona organlarining 11-08 ishonch telefoni hamda qo‘mita veb-sayti orqali kelib tushayotgan murojaatlarga javob beriladi.

Targetlash va xavflarni boshqarish bo‘limi Jahon bojxona tashkiloti bilan hamkorlikda, rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ochilgan. Bu yerda tezkor tuzilmalar tomonidan bojxonaning 50 ta, Jahon bojxona tashkilotining 3 ta axborot dasturi, 30 dan ortiq idoralar va xorijiy bojxonalarning ma’lumotlari tahlil qilinib, xavf-xatarlar baholanadi va barcha bojxona postlari faoliyati masofadan boshqariladi.

Markaziy bojxona laboratoriyasi ham ekspertiza jarayonlarini qisqartirish va aniqligini oshirishga qaratilgan ilg‘or uskunalar bilan jihozlandi.

Umuman, Prezident farmoni asosida soha raqamlashtirilishi natijasida bojxona rasmiylashtiruvi vaqti o‘rtacha 2 barobarga qisqardi. Masalan, shu vaqt eksport yo‘nalishida 2017 yilda 5 soat 42 daqiqa bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda 30 daqiqani tashkil etmoqda.

Import tovarlarining 80 foizi va eksport tovarlarining 89 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirilmoqda. Bojxona yuk deklaratsiyalarini sun’iy intellekt yordamida avtomatik rasmiylashtirish hajmi ham oshirilmoqda.

– Bu sharoitlar, natijalar, albatta, odamni quvontiradi. Lekin raqamlashtirish shunday jarayonki, bir joyda cheklanib qolmaydi. Sohada qilingan ishlardan ko‘ra, qilinishi kerak bo‘lgan vazifalar ko‘p. Shuning uchun qulayliklarni muntazam oshirib borish zarur. Tizim faoliyatiga tadbirkorlar baho berishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Import tarkibining tahlili asosida mahalliy tadbirkorlarga taklif berish, bojxona hududida qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Xodimlarning moddiy-ijtimoiy sharoitlarini yaxshilab, tizimni korrupsiyadan xoli sohaga aylantirish vazifasi qo‘yildi.

Published On: Avgust 29, 2023Views: 73