Yangi O‘zbekistonning ochiqlik siyosati tubdan o‘zgarmoqda

Joriy yilning 30-aprel kuni O‘zbekistonda bo‘lib o‘tgan referendumda umumxalq ovoz berish yo‘li bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi tahrirda qabul qilinib, unda axborot izlash, olish va tarqatish huquqi mustahkamlangan.

O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni bilan barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari o‘z faoliyati ochiqligini ta’minlashi qat’iy belgilab berilgan.

Aholining ushbu huquqlarini ro‘yobga chiqarish uchun bugungi kunda  axborot kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi ham alohida ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu jarayon mamlakatlarga davlat xizmatining barcha jabhalarida inson omilini kamaytirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlarni amalga oshirishga imkon bermoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat rahbarining tashabbusi bilan boshlangan islohotlar natijasida davlat idoralari faoliyatining ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligini ta’minlovchi, shuningdek jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirilib, ushbu yo‘nalishdagi normativ-huquqiy hujjatlar bazasi tubdan takomillashtirildi.

Xususan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiq e’lon qilinishi lozim bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarning qat’iy ro‘yxati tasdiqlanib axborotlar joylashtiriladigan resurs, yangilab borish muddati va mas’ul ijrochilar aniq belgilab berildi.

Shu kabi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqlik darajasini oshirish va baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.

Yoki, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida kodeksga Qonun bilan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritlib, unda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.

Yana bir muhim jihat, bugungi kunda davlat idoralarining ochiqligini ta’minlash maqsadida barcha sohalarda onlayn platformalar imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Shu jumladan:

-normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasidan  o‘tkazish tizimi joriy etildi (regulation.gov.uz);

-davlat budjeti va qarzi, shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rish va real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi onlayn platformalar (openbudget.uz, xarid.uzex.uz, etender.uzex.uz) ishga tushirildi;

-ochiq ma’lumotlar portali (data.egov.uz) faoliyati sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarilib, davlat xaridlari, patentlar, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatga olish, jamoat transporti harakati, yer resurslaridan foydalanish va shu kabi boshqa umumfoydalanishdagi statistik ma’lumotlar onlayn rejimda Ochiq ma’lumotlar portaliga e’lon qilib borilmoqda.

-aholi uchun davlat xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) ishga tushirilib, bugungi kunda aholiga 400 dan ortiq davlat xizmatlari onlayn tarzda ko‘rsatilmoqda;

-davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko‘rsatiladigan elektron davlat xizmatlari portali (my.soliq.uz) ishga tushirildi;

-litsenziyalash va ruxsatnoma olish sohasida interaktiv xizmatlar ko‘rsatish uchun “Litsenziya” axborot tizimlari majmuasi (licence.gov.uz);

-“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portali (meningfikrim.uz) faoliyati yo‘lga qo‘yildi;

-davlat aktivlarini realizatsiya qilish, ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari sotish, yer uchastkalaridan foydalanish huquqini olish va boshqa bir qator masalalar onlayn auksion savdolari (e-ijro.auksion.uz) orqali olib borilmoqda;

– Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan qarorlarni ishlab chiqish, kelishish va roʻyxatdan oʻtkazishning yagona elektron tizimi
(e-qaror.gov.uz) ishga tushirildi;

-sudlarda ko‘rilgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan sud hujjatlari bilan onlayn tartibda (decisions.esud.uz) tanishish imkoniyati yaratildi;

-Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi, xalq deputatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari hamda tuman shahar kengashlari sessiyalarini jonli efirga uzatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi;

-oliy ta’lim muassasalari va Prezident ta’lim muassasalari kirish imtihonlari (test va ijodiy imtihonlar) jarayonlari to‘liq jonli efirga uzatib borilmoqda.

Sanab o‘tilgan misollarning barchasida tegishli ijtimoiy munosabatlarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning keskin kamayganligini ko‘rishimiz mumkin.
2022-yilda Davlat rahbari ushbu jarayonlar haqida Oliy Majlisga murojaatnomada quyidagi fikrlarni bildirib o‘tgan edilar: “Vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezon bo‘ladi.”

Davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan islohotlarning yana bir muhim jihati shundaki, ushbu yo‘nalishda davlat idoralari faoliyatini muvofiqlashtirish, doimiy monitoring qilish va ularning qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan majburiyatlari hisobini yuritish alohida organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga yuklatildi.

Agentlikka yuklatilgan vazifalardan kelib chiqib, quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:

Birinchidan, davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarini sohadagi ko‘nikmalarini oshirish maqsadida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.

2022-yil davomida deyarli barcha hududlarda tuman, shahar va viloyat hokimligidagi mas’ullar uchun 40 ga yaqin uchrashuv va o‘quv seminarlari tashkil etilgan holda 300 dan ortiq davlat xizmatchilarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish ta’minlandi.

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan hamkorlikda davlat organlarining ochiqlikni ta’minlashga mas’ul xodimlarini onlayn o‘qitishga mo‘ljallangan “Ochiq ma’lumotlar” ta’lim platformasi (data.anticorruption.uz) ishlab chiqildi. Bugungi kunda platforma o‘quv moddulari bilan to‘ldirilmoqda.

Ikkinchidan, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan ommaviy axborot vositalari orqali samarali jamoatchilik nazoratini joriy etishga ko‘maklashib kelmoqda. Bu yo‘nalishdagi eng asosiy vazifa — OAV orqali fuqarolarda ochiq ma’lumotlardan foydalanish madaniyatini singdirish hisoblanadi.

2022-yil davomida ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan mahalliy televideniye orqali 70 dan ziyod reportajlar, 12 ta davra suhbati formatidagi teleko‘rsatuvlar efirga uzatildi. Internet nashrlari tomonidan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ochiqlangan ma’lumotlar asosida 250 ga yaqin xabarlar va jurnalistik surishtiruvlar e’lon qilindi.

Uchinchidan, Agentlik tomonidan Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlarni o‘z vaqtida belgilangan resurslarda joylashtirib borilishi ustidan doimiy monitoring o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Natijada, davlat organlari faoliyatiga tegishli jami 950 dan ziyod ijtimoiy ahamiyatga molik bo‘lgan ochiq ma’lumotlar to‘plamlari belgilangan resurslarda joylashtirib, doimiy yangilab borish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, ularning jamoatchilik oldida hisobdorlik madaniyatini yanada yuksaltirish yo‘lidagi muhim qadamlardan yana biri bu mamlakatda “Ochiqlik indeksi” joriy etilishi bo‘ldi.

Ochiqlik indeksining joriy etilishi sohada samaradorlik va natijadorlikni aniq maqsadli indikatorlar asosida reyting baholash bilan bir qatorda, davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga quyidagi ilg‘or xalqaro standartlarga asoslangan zamonaviy mexanizmlarni keng joriy etish imkonini bermoqda.

Indeksni yuritish jarayonlarining yanada shaffofligini ta’minlash maqsadida Ochiqlikni ta’minlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi
va natijadorligini baholash komissiyasi tuzildi va komissiya a’zolari qatorida NNT vakillari ham faoliyat yuritmoqda.

2022 yil uchun “Ochiqlik indeksi” o‘tgan yilning ikkinchi yarmini qamrab olingan davri uchun baholanib, Metodikada belgilangan 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi.

Indeksni baholash tizimi to‘liq raqamlashtirilgan holda, keng jamoatchilikka sohadagi amalga oshirilgan ishlarning samaradorlik va natijadorlik ko‘rsatrichlarini “index.anticorruption.uz” platformasi orqali real vaqt rejimida kuzatish imkoniyati yaratildi.

O‘zbekistonda davlat idoralari ochiqligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning samarasi xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda.

Xususan, O‘zbekiston ochiqlikni ta’minlash asosiy indikatorlardan biri bo‘lgan qator xalqaro reyting va indekslarda o‘z pozitsiyasini sezilarli yaxshilashga erishdi.

Misol uchun, “Open data watch” xalqaro tashkilotining reytingida indeksida O‘zbekiston joriy yilda 2020-yildagiga qaraganda 129-pog‘onaga ko‘tarilib,
40-o‘rinni egalladi. Bunda davlat va jamiyat boshqaruvi sohasidagi 20 ta yo‘nalish bo‘yicha ko‘rsatkichlarni oshkor qilib borish amaliyoti joriy etilgani ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Yoki, 2022 yilda Global ma’lumotlar barometri (The Global Data Barometer – GDB) reytingida O‘zbekiston 32 ball to‘plab, dunyoda 58-o‘rinni egalladi.

“Ochiq davlat ma’lumotlari indeksi”ning 2022-yilga hisobotiga asosan O‘zbekiston dunyoda eng yuqori (Very High OGDI) ko‘rsatkichga ega bo‘lgan mamlakatlar qatoridan joy oldi.

“Open Data Inception” ma’lumotiga ko‘ra, 2022-yil O‘zbekiston jahon mamlakatlari orasida ochiq ma’lumotlar manbalari soni bo‘yicha dunyoda
4-o‘rinni egalladi
.

Xuddi shuningdek, “Transparency International” xalqaro tashkilotining 2022-yil uchun  “Korrupsiyani qabul qilish indeksi”ning yangilangan reytingida O‘zbekiston 2021-yilga nisbatan 14 pog‘onaga ko‘tarilib, 180 mamlakat orasida 126-o‘rinni egalladi. Mazkur reytingda O‘zbekiston o‘rnining ko‘tarilishiga asosiy sabablardan biri sifatida aynan ochiqlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ko‘rsatib o‘tish mumkin[1].

Davlat idoralari faoliyatining ochiqligini taʼminlash bo‘yicha tajriba almashish va hamkorlik yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida joriy yilning 17-may kuni Buxoro shahrida “Davlat idoralari faoliyati ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi” o‘tkazildi.

Ilk marotaba tashkil etilayotgan mazkur xalqaro anjuman Markaziy Osiyo davlatlarining masʼul davlat idoralari vakillari hamda xalqaro va nodavlat tashkilotlarning yetakchi ekspertlari ishtirok etdi.

Forumda Markaziy Osiyo davlatlari vakillaridan tashqari, Fransiya, Germaniya, Sloveniya hamda Argentina kabi davlatlardan xalqaro ekspertlar ham ishtirok etib, o‘z tajriba va ilg‘or amaliyoti bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar tomonidan berilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida “Davlat idoralari faoliyati ochiqligi bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari forumi” tavsiyalari qabul qilindi hamda korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olishda ochiqlikni taʼminlashga doir samarali siyosatni ishlab chiqish, ayni yo‘nalishdagi chora-tadbirlar natijadorligini baholash va sifatini oshirish masalalarida ham o‘zaro fikr almashib borishga kelishib olishdi.

Davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligini ta’minlash, shu jumladan OAV orqali davlat organlari va tashkilotlari xizmatchilariga “davlat organlari faoliyati ochiqligi, shaffofligi va hisobdorligi” madaniyatini singdirish, jamoatchilik vakillarining ochiq ma’lumotlar bilan ishlash bo‘yicha malakasini oshirib borish va keng jamoatchilikning diqqat-e’tiborida bo‘lib turgan masalalarda ochiqlikni yanada ta’minlash yo‘nalishlarida kelgusida ishlar davom ettiriladi.

 

Umida TUXTASHEVA,

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari,

Yuridik fanlari doktori, professori

[1] Reytingning manbalaridan biri hisoblangan Jahon bankining “CPIA”  ochiqlik, hisobdorlik va davlat sektorida korrupsiya indeksida O‘zbekiston natijasi yaxshilangan (27 dan 35 ga)

Published On: Iyul 6, 2023Views: 97