Shavkat Mirziyoyev Imom Buxoriy majmuasidagi bunyodkorlikni ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 avgust kuni Samarqand viloyatiga keldi.

Davlatimiz rahbari avvalo Payariq tumaniga borib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi.

– Ilohim, duolarimiz ijobat bo‘lib, Alloh yurtimizni tinchlik-osoyishtalikda saqlasin, fayzu baraka bersin. Mana, mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida turibmiz. Xalqimiz bilan birga shu kunlarga yetganimizga shukrlar aytamiz. Oldimizga yana katta-katta rejalar qo‘yganmiz. Buning uchun ikki karra ko‘proq harakat qilishimiz, yoshlar tarbiyasiga e’tibor berishimiz kerak. Hamma sohada ta’limni, bilimni oshirsak, natijalar yuqori bo‘ladi. Yoshlarimiz Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bekday bobolarimizga munosib bo‘lishini istaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Islom ma’rifati bo‘yicha, xuddi Buxorodagidek, Samarqandda ham namuna yaratish kerakligi ta’kidlandi. Allomalarimiz merosidan foydalanib, jaholatga qarshi ma’rifatni kuchaytirish, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Hozirgi kunda Imom Buxoriy majmuasi yangidan barpo etilmoqda. Davlatimiz rahbari pardozlash ishlari namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Published On: Avgust 24, 2023Views: 186