Samarqand tumanida qurilayotgan majmuada 10 mingga yaqin ish o‘rni bo‘ladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan savdo, sanoat va servis majmuasining qurilish maydonida bo‘ldi. Uning hududi 37 gektar. Bu yerda umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Ulardan birinchisi – avtomobillar ehtiyot qismlari bozori yaqinda ishga tushiriladi. 11 gektarni egallagan savdo do‘konlarida 3 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ayni paytda gazoblok, penoplast, ohak va zichlagich ishlab chiqarish korxonalari qurilishi jadal olib borilmoqda. Ular shu yil oxirida foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, kelgusi yillarda “Ko‘ksaroy avtomoll” savdo va ko‘ngilochar markazi, oynaga ishlov berish, plastik va alyumin romlar korxonasi qurib bitkazilishi rejalashtirilgan.

Umuman, ushbu loyihalarda o‘n mingga yaqin aholi doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Davlatimiz rahbari buning ahamiyatiga alohida to‘xtalib, loyihalarni tezlashtirish, shu yerning o‘zida ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish, ishsiz aholi bandligini ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Published On: Avgust 24, 2023Views: 156