Prezident Samarqandni rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rsatib o‘tdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda viloyat izchil rivojlanmoqda. Lekin bu barcha tumanlarda mutanosib emas.

Masalan, hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yetti oyda viloyatda 600 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgan. Lekin ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. So‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgan. Qishloq xo‘jaligida hosildorlik, suvni tejash yetarli emas.

Shu kabi tahlillardan kelib chiqib, Prezidentimiz tadbirkorlik, investitsiya, sanoat, turizm sohalaridagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tdi.

Mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni ko‘paytirish, serqatnov yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligi ta’kidlandi.

“Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 170 milliard so‘m ajratilgan. Lekin ularda 620 gektar yer bo‘sh turibdi. Mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Oqdaryo va Pastdarg‘omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo‘lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish o‘rni yaratish va eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi. Buning uchun jozibador dasturlarni ko‘paytirish, yo‘llarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi ta’kidlandi. Turizm salohiyati yuqori 100 ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

– Odamlarimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish o‘rni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan to‘rt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar bo‘lishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha viloyat va tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari axborot berdi.

Shu bilan davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.

Published On: Avgust 24, 2023Views: 82