O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston Prezidentlari ko‘p qirrali hamkorlikning yangi dasturini tayyorlash to‘g‘risida kelishib oldilar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Mo‘g‘uliston Prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida muzokara o‘tkazdilar.

Suhbat avvalida Mo‘g‘uliston Prezidenti davlatimiz rahbariga O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelish taklifi va ko‘rsatilayotgan samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi.

Mamlakatimiz rahbari oliy martabali mehmon va rasmiy delegatsiyaning barcha a’zolarini dildan qutlab, Mo‘g‘uliston Prezidentining ilk davlat tashrifi O‘zbekiston-Mo‘g‘uliston ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishda yangi sahifa ochishini alohida ta’kidladi.

Muzokaralar davomida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Hukumatlar, vazirlik va idoralar darajasidagi aloqalar va almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda. Bugungi sammitga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan siyosiy maslahatlashuvlar samarali bo‘ldi. Shu kunlarda Toshkentda Mo‘g‘uliston elchixonasining rasmiy ochilishi bo‘lib o‘tadi.

Siyosiy muloqot va parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlashni davom ettirish, xavfsizlik sohasida aloqalarni faollashtirish muhimligi ta’kidlandi.

Mo‘g‘uliston O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlagan birinchi davlatlardan biri bo‘lgani va tegishli bayonnomani imzolagani qayd etildi.

Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar nomenklaturasi va hajmini kengaytirish hisobiga 5-10 barobarga oshirish uchun salohiyat mavjudligi ta’kidlandi.

Shu maqsadda hukumatlarga tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalari bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuzish, Ulan-Bator va Toshkentda rasmiy savdo uylarini ochish, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitimni imzolashga tayyorlash hamda bozorlarga kirish sharoitlarini o‘zaro yengillashtirish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Bundan tashqari, ikki davlat poytaxtlarida o‘zaro sanoat ko‘rgazmalari o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Davlatimiz rahbari o‘rta muddatli Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. Hamkorlikning bir qator yo‘nalishlari aniqlab olindi.

Bu, avvalo, geologik qidiruv, xomashyo resurslarini o‘zlashtirish va qayta ishlash sohasida hamkorlik qilish, shu jumladan, bu sohada kadrlar tayyorlashni tashkil etish.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va turdosh tarmoqlarda kompleks hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu borada Qoraqalpog‘iston, Namangan va boshqa viloyatlarda yirik chorvachilik komplekslarini tashkil etish bo‘yicha aniq rejalar bor.

Mo‘g‘ulistondan go‘sht va uni qayta ishlashdan olingan mahsulotlarni import qilish, shuningdek, O‘zbekistondan tovuq go‘shti, meva-sabzavot va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

«Halol» standartlariga muvofiq go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha klaster tashkil etish va intaqadagi mamlakatlarga eksport qilish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.

Shuningdek, teri va junni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha loyihalar taklif etildi.

Bu yo‘nalishlarda, shu jumladan, chorvachilik sohasida ilmiy-tadqiqot institutlari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.

Tomonlar xususiy sektor loyihalarini amalga oshirishga va biznes tashabbuslarini ilgari surishga ko‘maklashishga kelishib oldilar.

Bugun O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston yetakchilari ikki mamlakat biznes doiralari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazadilar. Ular tomonidan yangi loyiha takliflari tayyorlangan.

Toshkentda ilg‘or texnologik yechimlar asosida zamonaviy diagnostika markazini ochish, yengil sanoat, raqamlashtirish, farmatsevtika sohasidagi loyihalar shular jumlasidan.

Yangidan tuzilayotgan Ishbilarmonlar kengashining faoliyati va qo‘shma biznes forumlari muntazam o‘tkazilishi bu boradagi rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.

Kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va soliqqa tortish prinsiplari to‘g‘risidagi asosiy bitimlar qabul qilinadi.

Transport jihatidan o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash maqsadida tashrif davomida havo va avtomobil transportida tashishlar to‘g‘risida muhim bitimlar qabul qilinadi. Ikki poytaxt o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish masalasi o‘rganiladi.

Shuningdek, eng samarali va qisqa, shu jumladan Qirg‘iziston va Xitoy orqali o‘tadigan transport yo‘laklarini birgalikda tahlil qilish taklif qilindi.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni samarali ilgari surish uchun Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasidagi Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Madaniy-gumanitar aloqalar va almashinuvlarni mustahkamlashga ham alohida e’tibor qaratildi.

Turli yillarda O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida tahsil olgan mo‘g‘ulistonliklar do‘stlik va hamkorlikning haqiqiy ko‘prigi bo‘layotgani ta’kidlandi.

Eng nufuzli universitetlar o‘rtasida akademik almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, grantlar asosida iqtidorli mo‘g‘ulistonlik talabalarni O‘zbekistonda o‘qitishni qayta tiklash bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ertaga Toshkentda mashhur «Morin Xuur» mo‘g‘ul orkestri ishtirokida san’at ustalarining qo‘shma konserti bo‘lib o‘tadi.

Ikki mamlakat xalqlarini yaqinlashtirish maqsadida Gumanitar hamkorlik dasturini tayyorlash va kelgusi yilda Toshkent va Ulan-Batorda madaniyat kunlarini o‘tkazish taklif qilindi.

Ikki mamlakat o‘rtasida mavjud vizasiz tartibni inobatga olgan holda, qo‘shma dasturlar va mahsulotlar asosida turizm almashinuvlarini rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sport va yoshlar sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari Prezident Uxnaagiyn Xurelsuxning samarali muloqotni davom ettirish uchun Mo‘g‘ulistonga javob tashrifi bilan kelish taklifini qabul qildi.

Published On: Iyun 24, 2024Views: 39