O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti o‘z lavozimiga kirishdi

14 iyul kuni Toshkentda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida, O‘zbekiston Respublikasining saylangan Prezidenti o‘z lavozimiga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Unda deputat va senatorlar, davlat tashkilotlari rahbarlari, diplomatik korpus va jamoatchilik vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. 

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Z.Nizomxo‘jayev ochib, Prezident saylovi yangilangan Konstitutsiyamiz va demokratik tamoyillar asosida, siyosiy faollik muhitida o‘tganini ta’kidladi. Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev saylovchilarning 87,05 foiz ovozi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanganini qayd etdi. Shu munosabat bilan Shavkat Mirziyoyevni qizg‘in tabriklab, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti guvohnomasini topshirdi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatimiz Konstitutsiyasiga muvofiq, O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qildi.

Marosimda davlatimiz rahbari nutq so‘zladi.

– Bugun yelkamga qanday ulug‘vor mas’uliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman. Mana shunday yuksak ishonch uchun, hurmat va e’tibor uchun ko‘pmillatli, mard va donishmand xalqimizga farzandlik mehri va sadoqati bilan ta’zim qilaman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston yangi davrga qadam qo‘yayotgani, u siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda tub burilish va ulkan o‘zgarishlar davri bo‘lajagi ta’kidlandi. Buning uchun yangi g‘oya va tashabbuslar, avvalgidan-da ko‘proq g‘ayrat va shijoat bilan ishlash kerak.

Dunyodagi ziddiyatlar iqtisodiyot uchun muammolar keltirib chiqarmoqda. Iqlim o‘zgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani ham barqaror rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Mana shunday og‘ir va tahlikali vaziyatda xalqimiz manfaatlariga javob beradigan yagona to‘g‘ri yo‘lni – samarali ichki va tashqi siyosat yo‘lini aniq belgilab olish va uni qat’iy amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Prezident shu boradagi kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan strategik maqsadlarni ko‘rsatib o‘tdi. Qisqa qilib aytganda, bular – qonunchilik va ijro hokimiyatini takomillashtirish, ixcham va samarali boshqaruv tizimini tashkil etish, ijtimoiy soha va xizmatlarni rivojlantirish, tadbirkorlikka imkoniyatlarni kengaytirish, ish o‘rinlari va aholi daromadlarini ko‘paytirish kabilardir.

Iqtisodiyot sohasida “yashil iqtisodiyot”, “yashil energiya” tamoyillari yanada keng joriy etiladi. Investitsiyalar jalb qilish ko‘paytiriladi. Sanoat rivojlantiriladi. 2030 yilgacha mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida yoshlarga alohida murojaat qildi.

– Aziz o‘g‘il-qizlarim, bugun tarixning o‘zi, zamonning o‘zi sizlarning oldingizda beqiyos imkoniyatlar ochmoqda. Sizlar O‘zbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonning eng katta kuchi ahil oila bo‘lib yashayotgan ko‘pmillatli xalqi ekani, yurtimiz bundan buyon ham chinakam insonparvarlik va bag‘rikenglik diyori bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya borasidagi harakatlar izchil davom ettiriladi. Avvalo, mintaqamiz mamlakatlari, hamkor davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar yangi bosqichga ko‘tariladi. Ekologiya va atrof-muhitni asrash, suv taqchilligining oldini olish ham dolzarb vazifa bo‘ladi.

Prezident bu galgi nutqida turli ko‘rsatkichlarga ko‘p to‘xtalmadi, iqtisodiy raqamlarni keltirmadi. Eng katta yutuq xalqimizning dunyoqarashi yuksalgani, odamlar katta maqsadlarga intilib, ertangi kunga ishonch bilan yashayotgani deya ta’kidlandi.

O‘zini o‘zgartira olgan xalq, hech shubhasiz, hayotni, ijtimoiy muhitni ham o‘zgartira oladi, o‘z murod-maqsadlariga albatta yetadi.

– Mana shunday ulug‘ e’tiqod bilan yashayotgan xalqqa rahbar bo‘lib, uni yorug‘ manzillar sari boshlash men uchun ulkan baxt, ulkan sharafdir.

Hayotimning ma’no-mazmuniga aylangan buyuk maqsad – Yangi O‘zbekistonni, Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish yo‘lida sizlar bilan, butun xalqimiz bilan birga tinimsiz ishlashga, bor kuch-g‘ayratim, bilim va salohiyatimni safarbar etishga tayyorman, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz madhiyasi ijro etildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi yakunlandi.

Published On: Iyul 14, 2023Views: 58