O‘zbekiston Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida muhim tashabbuslarni ilgari surdi

Amaliy tashrif bilan Ostona shahrida bo‘lib turgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi.

Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev raisligida o‘tgan tadbirda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamadov, shuningdek, TDT bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, TDT doirasidagi ko‘p qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan fikr almashildi, amaliy hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida bugungi shiddat bilan o‘zgarib borayotgan zamonda tili, dini va yuraklari bir-biriga chambarchas bog‘langan turkiy xalqlarning ovozi dunyo bo‘ylab yanada baland, yanada kuchliroq yangrayotganini ta’kidladi. Tashkilot bugungi kunda shakllanayotgan yangi dunyo tartiboti va xalqaro institutlar tizimida o‘ziga xos muhim o‘ringa ega bo‘lib bormoqda.

Shu bilan birga, davlatimiz rahbari global xavfsizlikni ta’minlashda yangi muammolar yuzaga kelayotgani, xalqaro huquq me’yorlaridan chekinish holatlari ko‘payib borayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Falastin-Isroil mojarosi keyingi paytda xavfli tus olgani jiddiy xavotirga solayotgani qayd etildi. Qurolli to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi, ayniqsa keksalar, ayollar va bolalar orasida qurbonlar va jarohat olganlar soni keskin ortib, nizoning keng yoyilib ketish xavfi kuchaymoqda.

Shu munosabat bilan O‘zbekiston yetakchisi tomonlarni zudlik bilan harbiy harakatlarga barham berib, o‘t ochishni to‘xtatishga, gumanitar maqsadlarda murosaga kelishga chaqirdi. Falastin-Isroil muammosini BMT rezolyutsiyalariga muvofiq “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida hal etish zarurligi borasida O‘zbekistonning pozitsiyasi qat’iy ekani bildirildi.

O‘zbekistonning TDT mamlakatlari bilan hamkorligi xususida so‘z yuritar ekan, davlatimiz rahbari mamlakatimiz Tashkilotning barcha a’zolari bilan strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. O‘tgan yili Samarqand sammitida imzolangan muhim hujjatlar izchil bajarilmoqda.

O‘zbekiston raisligi davrida turkiy davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan yuzdan ortiq turli tadbirlar o‘tkazildi, muhim tashabbuslar ilgari surildi, yangi tuzilmalar tashkil etildi, bir qator nufuzli global va mintaqaviy tuzilmalar bilan yaqin sheriklik aloqalari o‘rnatildi.

Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama va uzoq muddatli aloqalarni yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, Turkiy xalqlar birdamligini, ularning buyuk o‘tmishi va boy madaniyatini, azaliy qadriyatlarini ifoda etadigan Turkiy dunyo xartiyasini ishlab chiqish taklif qilindi.

Sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish va yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish maqsadida Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish ishlarini faollashtirish muhimligi qayd etilib, ushbu moliya muassasasini Toshkent shahrida joylashtirish taklifi bildirildi.

Turkiy davlatlar savdo hamkorligi tadqiqot markazini tashkil etish bo‘yicha boshlangan amaliy ishlarni to‘liq ma’qullab, O‘zbekiston Prezidenti markaz imkoniyatlaridan savdo to‘siqlarini bartaraf etish, eksport-import hajmini ko‘paytirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni keng joriy qilish, elektron savdo platformalarini rivojlantirishda unumli foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Global logistika zanjirlari va transport yo‘laklarini rivojlantirish va diversifikatsiya qilish, yagona tranzit tarmog‘ini shakllantirish masalalari dolzarb ekani ta’kidlandi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari O‘rta koridor salohiyatini kengaytirish, qo‘shimcha ko‘p tarmoqli yo‘nalishlarni, jumladan, Xitoy, Janubiy Osiyo va Yevropa bozorlariga mamlakatlarimiz orqali o‘tadigan yo‘laklarni rivojlantirish hamda transport xizmatlarini raqamlashtirish chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatladi.

Tashkilotning Temir yo‘l idoralari kengashini ta’sis etish va bu tuzilmaning direksiyasini O‘zbekistonda joylashtirish taklif etildi.

Ekologiya sohasida hamkorlikni mustahkamlash maqsadida vazirlar darajasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Turkiy ekologiya forumini tuzish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zbekiston yetakchisi ijodiy fikrlaydigan, iste’dodli va shijoatli yoshlar istiqbolda turkiy dunyoning yangi Renessansini barpo etishiga ishonch bildirdi. Yangilikka intilib yashaydigan, tashabbuskor o‘g‘il-qizlarni rag‘batlantirish uchun O‘zbekistonda Turkiy dunyo kreativ yoshlari markazini ochish taklif qilindi.

Jadid bobolarimizning ilmiy-ijodiy merosini chuqur o‘rganish muhimligini qayd etib, O‘zbekiston Prezidenti TDT mamlakatlari vakillarini joriy yilning dekabr oyida yurtimizda bo‘lib o‘tadigan “Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari” mavzusidagi xalqaro anjumanda faol ishtirok etishga taklif etdi.

So‘zini yakunlar ekan, O‘zbekiston rahbari ishtirokchilar  e’tiborini ming yillar davomida tarixi va taqdiri turkiy elatlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ko‘pmillatli jafokash Afg‘oniston xalqiga qaratdi.

Mamlakatimiz yetakchisi afg‘on xalqiga insonparvarlik yordami ko‘rsatishni susaytirmaslik, bu yurtdagi o‘tkir ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan aniq mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

Majlisda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Vengriya, Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari, tashkilot bosh kotibi ham so‘zga chiqdi.

Sammit yakunida TDT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qator bitim va qarorlar qabul qilindi.

Tashkilotga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.

Published On: Noyabr 5, 2023Views: 171