O‘zbekiston Prezidenti qishloq xo‘jaligi mashinasozligini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni muhokama qildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda “CNH” kompaniyasi vitse-prezidenti Stiv Naderni bilan uchrashdi.
Aktivlari qiymati qariyb 50 milliard dollar bo‘lgan “CNH” transmilliy kompaniyasi qishloq xo‘jaligi mashinasozligida O‘zbekistonning strategik hamkoridir. Mashhur “Case” va “New Holland” brendlari ostida yo‘l qurish va qishloq xo‘jaligi texnikasini ishlab chiqaradi.
Vitse-prezident Stiv Naderni kompaniyaning tarmoqdagi bir qator sanoat korxonalarini xususiylashtirish va modernizatsiya qilish, kombayn va paxta yig‘ish mashinalarini ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, shu jumladan yuqori quvvatli traktorlar ishlab chiqarish hamda lizing tuzilmalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyaviy resurslar ajratish rejalarini bayon qildi.
Prezidentimiz kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish borasidagi rejalarini qo‘llab-quvvatladi.