O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayevni qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ularni aniq mazmun bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev davlatimiz rahbariga Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlik yuksak darajaga chiqqani va sermahsul tus olganini, shu jumladan parlamentlar, hukumatlar, hududlar, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar darajasidagi muloqot va almashinuvlar ancha faollashganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Hukumatlararo komissiya samarali faoliyat yuritmoqda. O‘zbekiston-Qirg‘iziston taraqqiyot fondi ishga tushirildi. Tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari ortmoqda, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
Faol siyosiy muloqotni davom ettirish hamda ustuvor dastur va loyihalarni, shu jumladan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini jadallashtirish muhimligi alohida ta’kidlandi.