O‘zbekiston Prezidenti Haydar Aliyev xotirasiga hurmat ko‘rsatdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Boku shahriga kelgach, Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev mangu qo‘nim topgan Faxr xiyoboniga tashrif buyurdi.

Haydar Aliyevning mustaqil Ozarbayjonni barpo etish va mustahkamlash yo‘lidagi xizmatlari beqiyos. Mamlakatning jadal rivojlanish davri va xalqaro maydondagi nufuzining yuksalishi aynan uning ismi bilan bog‘liq.

Qardosh o‘zbek xalqi bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga doimo alohida e’tibor qaratgan Haydar Aliyevni yurtimizda yaxshi bilishadi. O‘zbekistonda uning yuz yillik yubileyi keng nishonlandi. Shu munosabat bilan pochta markalari bosilgan, turli madaniy-ma’rifiy va ilmiy tadbirlar o‘tkazilgan edi.

Toshkentda Ozarbayjon xalqining umummilliy yetakchisi nomidagi ko‘cha, unga bag‘ishlangan xiyobon va yodgorlik ochilgan.

Shavkat Mirziyoyev buyuk davlat va siyosat arbobi Haydar Aliyev qabriga gul qo‘yib, xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Published On: Avgust 21, 2023Views: 60