Osiyo xotin-qizlari forumi ishtirokchilariga

Hurmatli Forum qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Avvalambor, siz azizlarni – dunyoning olis va yaqin mintaqalaridan tashrif buyurgan muhtaram mehmonlarimizni Osiyo xotin-qizlari forumining ochilishi munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Sizlarni qadimiy va navqiron Samarqand shahrida qizgʻin qutlash hamda oʻzimning yuksak hurmat-ehtiromim va ezgu tilaklarimni yoʻllashdan gʻoyat baxtiyorman.

Ushbu tashabbusimizni faol qoʻllab-quvvatlagan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibi janob Antoniu Guterrishga, anjumanni birgalikda tashkil etib, unda bevosita ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibi oʻrinbosari, “BMT-ayollar” tuzilmasi ijrochi direktori Sima Sami Baxus xonim, BMTning Jenevadagi boʻlinmasi rahbari Tatyana Valovaya va Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong janoblariga oʻzimning chuqur minnatdorchiligimni izhor etaman.

Bugungi Forumda xalqaro tashkilotlar va Osiyo mamlakatlari parlamentlari rahbarlari, senator va deputatlar, hukumatlar aʼzolari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlari, koʻplab ishbilarmon va olima ayollar qatnashayotganini katta mamnuniyat bilan taʼkidlashni istardim.

Sizlarning saʼy-harakatingiz bilan yurtimizda ilk bor oʻtkazilayotgan xalqaro anjuman xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi faolligini yanada oshirish, oʻzaro tajriba almashish va doʻstona hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshadi, deb ishonaman.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Bugungi kunda dunyoda jadal rivojlanib borayotgan Osiyo qitʼasining barcha mamlakatlari va xalqlari asrlar davomida yagona keng makonda uygʻun va hamjihatlikda rivojlanib, turli sohalarda yaqin hamkorlik aloqalarini olib borganlar.

Buyuk Ipak Yoʻlining savdo chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo mintaqasi ming yillar mobaynida turli madaniyatlar va sivilizatsiyalar taraqqiyoti uchun qudratli kuch bagʻishlagan, yuksak umumbashariy qadriyatlarning ulkan maʼnaviy beshigi boʻlgan.

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekiston Osiyo qitʼasining ham barcha mamlakatlari bilan uzoq muddatli, keng qamrovli va oʻzaro manfaatli aloqalarni izchil chuqurlashtirib borishga ustuvor ahamiyat qaratayotgani bejiz emas, albatta.

Sayyoramiz aholisining yarmidan koʻpi istiqomat qilayotgan Osiyo mamlakatlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq erishish, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning haq-huquqlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi roli va taʼsirini keskin oshirish borasida salmoqli yutuqlarni qoʻlga kiritmoqda.

Bizning mamlakatimizda ham ayollar jamiyatimizning ajralmas boʻgʻini boʻlib, ularning huquq va manfaatlarini toʻliq taʼminlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalalari yangi qabul qilingan Konstitutsiyamiz, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi kabi konseptual hujjatlarda oʻzining toʻliq ifodasini topgan.

Soʻnggi yetti yilda Oʻzbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 27 foizdan 35 foizga koʻtarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat aʼzolarining 25 foizi ayollardan iborat. Bugun har bir mahallamizda ham ularning oʻz vakillari bor.

Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻygan ayollar soni 205 mingdan oshdi. Yuz minglab ayollar kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitildi. Salkam yarim million nafar singillarimiz ish bilan taʼminlandi. Hozirgi kunda oliygohlarda taʼlim olayotgan talabalarning yarmidan ziyodini qizlar tashkil etmoqda.

Bu borada olib borayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz xalqaro hamjamiyat tomonidan ham munosib eʼtirof etilmoqda. Xususan, Jahon banki indeksida Oʻzbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etilgani, ochiq gender maʼlumotlar indeksida eng yaxshi 20 ta davlat qatoridan joy olgani bizga alohida mamnuniyat bagʻishlaydi.

Qadrli doʻstlar!

Biz Yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rahbarlik qobiliyatini va tadbirkorlik salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqirish, ularga zamonaviy bilim berish, kasb-hunarga oʻrgatish va bandligini taʼminlash, ehtiyojmand va koʻmakka muhtoj ayollarning muammolarini tizimli hal qilish boʻyicha boshlagan katta ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz.

Zero, bugungi tarixiy oʻzgarishlarning faol ishtirokchisi boʻlayotgan muhtarama ayollarimiz – ortga qaytmas tus olgan demokratik islohotlarimiz va jadal taraqqiyotimizni amalga oshirishda bunyodkor kuch, biz qurayotgan adolatli va tinchliksevar, koʻp millatli va farovon mamlakatning mustahkam asosidir.

Oʻylaymanki, sizlar ushbu Forumni har ikki yilda oʻtkaziladigan anʼanaviy muloqot maydoniga aylantirish boʻyicha taklifimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaysiz.

Bugungi anjuman natijasida qabul qilinadigan Samarqand deklaratsiyasi asosida kelgusida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyasining qabul qilinishi barchamizning bu boradagi ezgu intilishlarimizning yorqin amaliy ifodasi boʻladi.

Fursatdan foydalanib, barchangizga yana bir bor sihat-salomatlik, baxt va omad, Forum ishiga ulkan muvaffaqiyat tilab qolaman.

 

Shavkat MIRZIYOYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Published On: May 13, 2024Views: 107