Mamlakatimizda umumiy quvvati 2,4 gigavattlik “yashil” elektr stansiyalari ishga tushirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-dekabr kuni mamlakatimizning oltita hududida 5 ta quyosh, 1 ta shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga bagʻishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Tadbirda ushbu muhim investitsiya loyihalarining hamkorlari boʻlgan “Masdar” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Muhammad al Ramahiy, “China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi vitse-prezidenti Vu Yun, “China Energy International Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lyu Szesyan, “China Gezhouba Group” kompaniyasi boshqaruvi raisi Lin Syaodan, “SEPCO III”, “Dongfang Electric Corporation” va boshqa kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Oʻzbekistonda energetika tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli dastur amalga oshirilmoqda.
Keyingi yillarda tarmoqda xususiy sektor va yetakchi xorijiy kompaniyalar faoliyatiga qulay sharoitlar yaratildi. Ular ishtirokida Oʻzbekistonda qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini kengaytirishga qaratilgan koʻplab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xususan, ilk bor 100 foiz toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobidan, davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida umumiy quvvati 200 megavattlik quyosh stansiyalari barpo etilib, oʻtgan davrda ular 1 milliard kilovatt soat “yashil” elektr energiyasini ishlab chiqardi.
Dunyoning qirqdan ortiq davlatida “yashil” energetika sohasiga doir turli tashabbuslarda ishtirok etib kelayotgan Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi mamlakatimizda ham yirik toʻrtta loyihani yakunladi.
Ulardan biri Jizzax viloyatidagi quvvati 220 megavattli quyosh fotoelektr stansiyasidir. Ushbu 150 million dollarlik loyiha uchun Gʻallaorol tumanidan 560 gektardan ortiq yer maydoni ajratilib, 460 ming dona quyosh panellari oʻrnatildi.
Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon tumanida ham xuddi shu quvvatdagi quyosh fotoelektr stansiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi shu yoʻnalishdagi elektr stansiyasining quvvati nisbatan balandroq – qariyb 460 megavatt boʻldi. Bu manzildagi 630 gektardan ortiq maydonga 900 ming donaga yaqin quyosh paneli va zarur uskunalar joylashtirildi.
Barpo etish loyihasi yakunlangan ushbu uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasining umumiy quvvati 900 megavattni tashkil qilmoqda.
Shuningdek, mazkur kompaniya tomonidan Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.
Xitoyning nufuzli “China Gezhouba Group” kompaniyasi ham dunyodagi saksondan ortiq davlatlardagi katta-kichik loyihalarda faol ishtirok etadi.
Mazkur kompaniya ham Buxoro va Qashqadaryoda har biri 350 million dollardan boʻlgan, umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi qurilishini yakunladi.
Yuqorida keltirilgan oltita stansiyaning har biri yirik loyiha sanaladi. Aslida uni ishga tushirish koʻp vaqt talab qiladi. Lekin mamlakatimizda bu sohaga qaratilgan alohida eʼtibor bugun oʻz natijasini berdi. Loyihalar doirasidagi qurilish ishlari juda qisqa fursatda – 9 oyda bitkazilgani diqqatga sazovor.
Marosimda davlatimiz rahbari xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ushbu yangi energetika quvvatlarini ishga tushirish va tarmoqqa ulashga start berdi.
Bu loyihalarga katta amaliy hissa qoʻshgan investorlar, muhandis va quruvchilarga alohida minnatdorlik bildirildi.
Jami qiymati 2 milliard dollarlik ushbu stansiyalar toʻliq ishga tushsa, ikki millionta xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan taʼminlanadi, 2 milliard kub metr tabiiy gazni tejash hamda sanoat va xizmatlar sohasida 4 milliard dollarlik qoʻshilgan qiymat yaratish imkoniyati paydo boʻladi.
Prezidentimiz oʻz nutqida bu sohadagi kelgusi rejalarga toʻxtalib oʻtdi.
– Biz bugun amalga oshirayotgan ulkan ishlar energetika tarmogʻidagi islohotlarning navbatdagi qadamidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtamiz. Hozir yurtimizda 9 gigavattli 22 ta quyosh va shamol elektr stansiyasini qurish loyihalari ustida ishlayapmiz. Xorijiy kompaniyalar bilan sermahsul hamkorligimizni tobora kengaytirib boramiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Umuman, 2030-yilgacha “yashil” energetika manbalarini 27 gigavattga yetkazish rejalashtirilgan. Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirishga xizmat qiladi.