Shavkat Mirziyoyev: “Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva” an’anaviy turistik zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shiladi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Nukus shahrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni nomzodning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha ishonchli vakili Bayrambay Otemuratov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qildi.
Nomzodning dasturi turli sohalarni qamrab olgan ustuvor yo‘nalishlardan iborat.
Qayd etilganidek, Qoraqalpog‘istonda 160 ta yangi bog‘cha qurilishi va ta’mirlanishi, 2 mingta xususiy bog‘cha tashkil qilinishi belgilangan.
– Biz kelgusi yetti yilda qo‘shimcha 100 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratamiz. Bunda, 30 ta yangi maktab va 150 ta maktab uchun qo‘shimcha bino quriladi, 350 tasi ta’mirlanadi. Ixtisoslashgan maktablar soni esa ikki karra oshirilib, 32 taga yetkaziladi. Natijada, Qoraqalpog‘istondagi maktablarda 30-35 nafardan ortiq bola o‘qiydigan sinflar umuman bo‘lmaydi. Biz 1-4-sinf o‘quvchilariga bepul ovqat berishni Qoraqalpog‘istondan boshlagan edik. Endi olis va chekka ovullardagi bolajonlarimizning maktabga borishi uchun avtobus qatnovini ham, birinchi bo‘lib shu zamindan boshlaymiz, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Qoraqalpog‘istonda aholini uy-joy bilan ta’minlash, infratuzilma ob’ektlari qurilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Xususan, mahalla va ovullarda 6 ming kilometr yo‘llar hamda 150 ta ko‘prik ta’mirlanadi; 5 ming kilometr elektr tarmog‘i, 1 ming 350 ta transformator va 10 ta podstansiya yangilanadi; 70 ming xonadonga ega 2 mingta ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshiriladi; barcha ijtimoiy va davlat idoralari hamda 17 ming xonadonda 55 megavatt quvvatli quyosh panellari o‘rnatiladi.
Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev yangi o‘quv yilidan boshlab, oliygohda o‘qiyotgan xotin-qizlar uchun, kim to‘lashidan qat’i nazar, kontrakt to‘lovi daromad solig‘idan ozod qilinishini ma’lum qildi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda agrotexnologiyalar va muhandislik yo‘nalishlarida yetakchi xorijiy oliygohlarning filiallari hamda Nukusda Raqamli texnologiyalar instituti ochiladi.
– Umuman, biz Qoraqalpog‘istonda oliy ta’lim qamrovini kelgusi yilning o‘zida 50 foizga yetkazishni niyat qilganmiz. Buning uchun chet ellarda o‘qiyotgan yoshlarimizning o‘qishini yurtimiz oliygohlariga davlat granti asosida ko‘chirish amaliyotini yo‘lga qo‘yamiz, – deya ta’kidladi nomzod.
Ta’lim sohasining asosiy tayanchi bo‘lgan muallim va murabbiylar, oliygoh professor-o‘qituvchilarining mashaqqatli mehnati bundan buyon ham munosib rag‘batlantirib borilishi ta’kidlandi.
Shavkat Mirziyoyev Toshkentda mavjud bo‘lgan barcha zamonaviy tibbiy xizmatlar Nukusda ham yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.
Qoraqalpog‘istondagi Onkologiya va radiologiya markazi filiali uchun yangi bino quriladi va eng zamonaviy uskunalar bilan to‘liq jihozlanadi. Uning hududida bemorlarning yaqinlari vaqtincha yashab turadigan yotoqxona barpo etiladi.
– Kelasi yildan Taxtako‘pir, Chimboy, Qorao‘zak, Bo‘zatov, Shumanay, Qo‘ng‘irotda ham 200 foizlik oylik ustama to‘lashni yo‘lga qo‘yamiz (hozirda ustama 100 foiz bo‘lgani uchun, bu tumanlarga vrachlar bormayapti). Shuningdek, Qoraqalpog‘istondagi olis va chekka ovullarda ishlayotgan barcha malakali tibbiyot xodimlariga 5 million so‘mgacha alohida ustama beriladi. Faqat Qoraqalpog‘iston uchun, aholining statsionarda davolanish xarajatlarini daromad solig‘idan ozod qilsak, o‘ylaymanki, adolatli ish bo‘ladi, – dedi nomzod. – Ijtimoiy reyestrga kirgan aholi order asosida Toshkent shahri yoki boshqa viloyatga davolanishga kelganida ularga avia va temir yo‘l xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
Shu bilan birga, qoraqalpog‘istonlik bolalarga yuqori texnologik operatsiyalar uchun homiylik qilgan tadbirkorlarning ushbu xarajatlari soliq undirish bazasidan chegirib tashlanadi.
Shavkat Mirziyoyev yoshlar uchun maxsus uy-joylar qurilishi va kelgusi yetti yilda har yili 1 mingta yosh oilaga imtiyozli ipoteka kreditlari berilishini ma’lum qildi.
Buning uchun mazkur loyihaga Xo‘jayli tumanidan birinchi bosqichda 100 gektar yer ajratilishi hamda 100 million dollar mablag‘ yo‘naltirilishi belgilangan.
Shuningdek, Xo‘jayli tumanida tashkil qilinadigan “Yoshlar ijtimoiy-iqtisodiy markazi”ga erkin iqtisodiy zona maqomi berilishi va ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash sharti bilan tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlari taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.
Ushbu Markazda nafaqat ishlab chiqarish ob’ektlari, balki kasbga o‘qitish markazlari, Ay-Ti park filiali, loyiha ofislari joylashtiriladi.
Nomzod Ellikqal’a, Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari turizmga ixtisoslashtirilishi. To‘rtko‘l, Beruniy, Amudaryo, Xo‘jayli, Qanliko‘l, Qo‘ng‘irotda yo‘l-savdo infratuzilmasi kengaytirilishini qayd etdi.
Toshkentdan Nukusga tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi. Natijada yo‘lovchilarning manzilga yetib borish vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi. Buning uchun uzunligi 465 kilometr bo‘lgan “Buxoro – Urganch – Xiva” va uzunligi 196 kilometr bo‘lgan “Miskin – Nukus” temir yo‘l liniyalari elektrlashtiriladi. Bu loyihaga 460 million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
– Ushbu liniya ishga tushirilgach, “Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva” an’anaviy turistik zanjiriga Qoraqalpog‘iston ham qo‘shiladi. Natijada, xorijiy va mahalliy sayyohlarning yurtimizda 4-5 kungacha bo‘lishini ta’minlash, turistik xizmatlar eksportini 100 million dollarga yetkazish imkoniyati yaratiladi (2023 yilda 25 million dollar), – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahallaning moliyaviy mustaqilligini oshirish bo‘yicha ham qator yangiliklar qilinishi ta’kidlandi. Bu borada aholidan yig‘iladigan mol-mulk va yer soliqlari yagona mulk solig‘i bo‘lib birlashadi va aholidan undiriladigan qismi mahalla byudjetiga to‘liq o‘tkaziladi. Bu – Qoraqalpog‘istondagi mahallalar ixtiyorida har yili 230 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoladi, degani.
Shuningdek, mamlakat bo‘yicha aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m penya kechib yuborilishi ma’lum qilindi. (Qoraqalpog‘istonda 30 milliard so‘mga yaqin).
– Shu bilan birga, mahallalar uchun “Ochiq byudjet” imkoniyatlarini yanada kengaytiramiz va unga ajratiladigan mablag‘larni 3 karra oshiramiz. Endi, “Ochiq byudjet” loyihalari g‘olib bo‘lishi uchun 1,5 ming ovoz yetarli bo‘ladi va ushbu maqsadlar uchun yil yakuniga qadar yana 1,2 trillion so‘m ajratamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Uchrashuvda partiya vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi va boshqalarni ham shunga da’vat etdi.