Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi: taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyun kuni Cho‘lponota shahrida (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tadigan davlat rahbarlarining Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi formatidagi ikkinchi sammitida ishtirok etadi.
Ushbu formatdagi birinchi uchrashuv 2022 yil 27 oktyabr kuni Ostona shahrida Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston rahbarlari hamda Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishel ishtirokida bo‘lib o‘tgan edi.
Davlatimiz rahbari Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mintaqamiz bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni izchil chuqurlashtirish tarafdori ekani, mintaqalararo hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlariga alohida to‘xtalib o‘tdi, shuningdek, ikki mintaqa davlatlarining tinchligi, barqaror rivojlanishi va farovonligi manfaatlari yo‘lida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formatida samarali muloqot uchun O‘zbekiston ochiq, tizimli va izchil hamkorlikka sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yevropa Ittifoqining o‘tgan davrdagi hamkorligi yakunlari sarhisob qilindi hamda umumiy qadriyatlar va o‘zaro manfaatlar asosidagi sheriklikni davom ettirishga tayyor ekanliklari bildirildi.
Yevropa kengashi Prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining mintaqaviy hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini olqishladi. O‘z navbatida, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari YEIning pandemiyadan keyin iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va uning salbiy oqibatlarini bartaraf etishga qo‘shgan hissasini yuqori baholadilar. Tomonlar biznes yuritish uchun qulay muhit yaratilishi mintaqaga xorijiy sarmoya, mintaqadagi o‘zaro bog‘liqlik va savdo hajmini yanada oshirishini ta’kidladilar.
Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari va Yevropa kengashi rahbarining bu galgi uchrashuvida mintaqalararo hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari, dolzarb xalqaro muammolarni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo davlatlari va YEI davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganidan buyon mintaqalararo hamkorlik ko‘plab yo‘nalish hamda tarmoqlarda rivojlanib, bugungi kunda farovonlik va barqarorlik yo‘lida ko‘p tomonlama sheriklik namunasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston mazkur hamkorlik formatida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, «Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo» TIV rahbarlarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazib kelinmoqda: xususan, 18-uchrashuv 2022 yil 17 noyabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Ertasi kuni u yerda birinchi «YEI – Markaziy Osiyo» konferensiyasi yuqori darajada tashkil etildi.
Ushbu tadbirlarda Yevropa komissiyasi vitse-prezidenti, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel ishtirok etdi va mamlakatimizga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Muloqot chog‘ida Jozep Borrel O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan siyosatini olqishladi va bu borada Markaziy Osiyo davlatlari katta muvaffaqiyatlarga erishganini ta’kidladi. Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi mintaqa davlatlari bilan siyosat, savdo, sarmoya, raqamlashtirish, iqlim o‘zgarishi va atrof-muhit, fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish niyatida.
2013 yildan boshlab har yili «YEI – Markaziy Osiyo» o‘rtasida siyosat va xavfsizlik bo‘yicha yuqori darajadagi muloqot ham o‘tkazib kelinmoqda. Oxirgi uchrashuv 2022 yil 17 may kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekiston va Yevropa Hamjamiyatlari o‘rtasidagi munosabatlar 1992 yil 15 aprelda o‘zaro anglashuv Memorandumining imzolanishi bilan yo‘lga qo‘yilgan. 1994 yil 16 noyabrda diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 1995 yildan beri Bryusselda O‘zbekiston elchixonasi faoliyat ko‘rsatib kelmoqda, u YEI huzuridagi missiya vazifilarini ham bajaradi. 2011 yilda Toshkentda Yevropa Ittifoqining diplomatik vakolatxonasi ochildi.
O‘zaro munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi 15 ta hujjatdan iborat bo‘lib, ular Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (SHHTB), Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, YEIning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim, Energetika sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum, SHHTBga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma va To‘qimachilik mahsulotlarining ikki tomonlama savdosi to‘g‘risidagi bitim tashkil qiladi.
2022 yil iyul oyida O‘zbekiston va YEI o‘rtasida uch yillik muzokaralar yakunlandi va Bryusselda 20 yildan ortiq vaqt davomida amalda bo‘lgan SHHTB o‘rnini bosuvchi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (KSHHTB) matni paraflandi.
O‘zbekiston-YEI o‘rtasidagi Sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimga muvofiq oltita qo‘shma organ – Hamkorlik kengashi, Hamkorlik qo‘mitasi, Parlamentlararo hamkorlik qo‘mitasi, Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo‘yicha quyi qo‘mita, Adliya, ichki ishlar, inson huquqlari va tegishli masalalar bo‘yicha quyi qo‘mita, Rivojlanish maqsadlarida hamkorlik bo‘yicha quyi qo‘mita tashkil etildi.
YEI Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ortga qaytmas islohotlar strategiyasini qat’iy qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Yevropa kengashi Prezidenti Sharl Mishelning 2022 yil 28 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ma’lum qilindi. Samimiy va do‘stona ruhda o‘tgan muzokaralar chog‘ida yetakchilar keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilib, keng qamrovli tus olganini tasdiqladilar.
Joriy yilning 14 aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston Prezidentining YEIning inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili Imon Gilmor va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Terxi Xakala bilan uchrashuvida ham YEIning qo‘llab-quvvatlashi bildirildi. Uchrashuvda Yevropa tomoni O‘zbekistonning inson huquqlarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, gender tengligi, majburiy mehnatga barham berish va boshqa sohalardagi yutuqlarini yuqori baholadi.
O‘zbekiston va YEI davlatlari o‘rtasidagi savdoda eng qulay davlat rejimi o‘rnatilgan. So‘nggi yillarda Yevropa tomonidan taqdim etilgan «GSP+» shartlari tufayli o‘zaro savdo hajmi va muvaffaqiyatli investitsiya loyihalari sonining dinamik o‘sishi kuzatilmoqda. Bundan tashqari, madaniy-gumanitar almashinuv sohasida ham muhim tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, 2022 yilda YEI mamlakatlari bilan umumiy savdo hajmi 4,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning yanvar-mart oylarida bu ko‘rsatkich 1,8 milliard dollardan oshdi.
O‘zbekistonning YEIdagi asosiy savdo hamkorlari Germaniya, Chexiya, Litva, Latviya, Italiya, Fransiya, Niderlandiya va Polsha davlatlari hisoblanadi.
O‘zbekistonda YEI davlatlari sarmoyasi ishtirokida 1069 ta korxona, jumladan, 100 foiz Yevropa kapitaliga ega 304 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda.
YEI, shuningdek, O‘zbekistonga ikki tomonlama loyihalarni amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati va inson huquqlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashda moliyaviy va texnik yordam ko‘rsatadi. 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan tegishli dasturlar doirasida YEI O‘zbekistonga 83 million yevro ajratdi.
Bundan tashqari, YEIning moliyaviy va texnik yordami doirasida qiymati 5,2 million yevro bo‘lgan «YEIning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast jamg‘armasiga hissasi» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Ikki tomonlama hamkorlikning ajralmas qismi madaniy-gumanitar hamkorlik hisoblanadi.
25 yil davomida Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda O‘zbekistonning 55 ta oliy ta’lim muassasasi va YEIga a’zo davlatlarning 71 ta universiteti ishtirokida «Tempus» ta’lim dasturining 32 million yevrodan ziyod 80 dan ortiq loyihasi amalga oshirildi.
2014 yildan buyon «Erazmus+» ta’lim dasturi doirasida oliy ta’lim salohiyatini oshirishga qaratilgan budjeti qariyb 40 million yevro bo‘lgan 40 dan ortiq loyiha amalga oshirildi. Ularda O‘zbekistonning 70 ga yaqin universitetlari, 20 dan ortiq tarmoq boshqarma va tashkilotlari, shuningdek, 120 ga yaqin Yevropa oliy ta’lim muassasalari ishtirok etmoqda.
Mintaqaviy va ikki tomonlama hamkorlik doirasida O‘zbekiston va YEI o‘rtasida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, ta’lim, qonun ustuvorligi, chegaralarni boshqarish, giyohvandlik va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash, transport, atrof-muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
2013 yildan buyon Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi «O‘zbekkino» Milliy agentligi bilan hamkorlikda har yili Toshkent shahrida Yevropa kinofestivalini o‘tkazib keladi. Ushbu festival bugungi kunda O‘zbekistondagi eng ko‘zga ko‘ringan va yirik madaniy loyihalardan biriga aylangan. Unda har yili besh mingga yaqin tomoshabin qatnashadi.
2016 yildan boshlab festival o‘z geografiyasini kengaytirdi va O‘zbekistonning boshqa shaharlarida ham o‘tkazilayotir. Festival 2017 yilda Toshkentdan tashqari Navoiy va Nukusda, 2018 yilda Shahrisabz va Farg‘onada, 2019 yilda Urganch, Nukus va Jizzaxda tashkil etilgan.
O‘tgan va joriy yilda Yevropada O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar katta muvaffaqiyat bilan tashkil etildi. Xususan, o‘tgan yilning noyabr oyi oxirida ikkita ko‘rgazma Parijdagi Luvr muzeyida va Arab dunyosi institutida ochildi. Birinchi ko‘rgazma ko‘proq arxeologik topilmalarga bag‘ishlangan bo‘lsa, ikkinchisida XIX va XX asrga oid to‘qimachilik, zargarlik buyumlari, gilamlar namoyish etildi. Arab dunyosi institutidagi ko‘rgazma joriy yilning iyun oyi oxirigacha o‘z ishini davom ettiradi.
O‘zbekiston Prezidentining joriy yil may oyida GFRga tashrifi doirasida Berlin shahridagi jahonga mashhur Jeyms Simon galereyasida «O‘zbekistonning arxeologik xazinalari. Makedoniyalik Iskandardan Kushonlar saltanatigacha» nomli noyob ko‘rgazma ochildi. Ko‘rgazmaga bir necha yil davomida tayyorgarlik ko‘rildi. Unda Berlin davlat muzeylari to‘plamlaridan 65 ta va O‘zbekiston muzeylari to‘plamlaridan 285 ta eksponat namoyishga qo‘yilgan. Ushbu ko‘rgazma 2024 yil 14 yanvargacha davom etadi.
Muxtasar aytganda, yuqorida qayd etilganlar O‘zbekiston ham, Yevropa Ittifoqi ham o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirish manfaati yo‘lida nafaqat ikki tomonlama, balki mintaqaviy formatdagi hamkorlikni mustahkamlayotgani va o‘zaro bog‘liqlikni kengaytirayotganidan guvohlik beradi. Bu esa kelgusida mamlakatlarimiz hamda mintaqalarimiz xalqlarining farovonligi va taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratadi.