EMBASSY OF UZBEKISTAN TO THE UNITED STATES
PRESS OF UZBEKISTAN
2018
2017
2016
2015

 
PRESS OF UZBEKISTAN
January 18, 2018
O‘ZBEKISTONNING YANGI “BUYUK XARTIYA”SI
Davlatimiz rahbarining tarixda birinchi marta xalq vakillariga yo‘llagan Murojaatnomasi O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlar uchun strategik asos bo‘lib, mamlakatimiz va chet el ekspert doiralarida keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Xalqaro hamjamiyat tomonidan Murojaatnomaga chuqur e’tibor bilan qaralayotgani yurtimizda kechayotgan yangilanishlar respublikamiz imijini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishidan dalolatdir. Chunki tashqaridan bildirilayotgan fikrlar, qarashlar islohotlarning haqiqiy ko‘lamini baholash imkonini beradi. Masalan, ozarbayjonlik taniqli siyosatshunos Tofiq Abbosov Murojaatnomani tahlil qilar ekan, Shavkat Mirziyoyevning fikrlaridan, xulosalaridan O‘zbekistonda yangi siyosiy madaniyat shakllanayotganini anglash mumkinligini yozadi. Ekspertning qayd etishicha, O‘zbekiston rahbari mazkur mas’uliyatli lavozimga kirishganining ilk kunlaridanoq xalq va hokimiyat munosabatlarini manmanlik, yopiqlik hamda ishonchsizlikdan “tozalash”ga alohida urg‘u berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi va Virtual qabulxonasi tizimi fuqarolar bilan ishlashda prinsipial jihatdan yangi demokratik institutga aylandi hamda o‘z natijalarini bera boshladi. Qabulxonalarga bir yil ichida 1,5 milliondan ortiq murojaatlar bo‘lgani, ularda ko‘tarilgan muammolar vaqtida hal qilingani ham chinakam xalq hokimiyati ifodasi sanaladi. T. Abbosovning fikricha, O‘zbekiston bu borada boshqalarga o‘rnak bo‘ladigan mexanizm yarata oldi. Shavkat Mirziyoyevning ushbu tashabbusidan so‘ng shuni komil ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston sharoitida mazkur ishonch muhitiga darz ketmaydi. Bu fikrni bugun juda ko‘plab ekspertlar baholarida uchratish mumkin.

Jon Xopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti (AQSh) rahbari Frederik Starrning ta’kidlashicha, Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi O‘zbekistonning keng ma’noda global raqobatdosh iqtisodiyoti va ochiq boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan zamonaviy davlat sifatida rivojlanishini ifodalaydi. U o‘zbek xalqining xohish-irodasi asosida istiqboldagi vazifalar izchil amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.

Pokistondagi “Defence Journal” jurnali geosiyosat va iqtisodiyot bo‘limi rahbari Mahmud-ul-Hasan Xon mamlakatning markaziy nashrlaridan biri — “The National Courier” gazetasi saytidagi maqolasida O‘zbekiston Prezidentining parlamentga Murojaatnomasini “O‘zbekistonni rivojlantirish uchun yangi “Buyuk xartiya” deb e’tirof qildi hamda bu ta’rif butun Pokiston jamiyatida keng aks sado berdi.

O‘z navbatida, Germaniya — Osiyo iqtisodiy forumi boshqaruvi a’zosi Mixael Borxman mazkur dasturilamal hujjat mufassal ishlab chiqilganini, har bir vazifani amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar, “yo‘l xaritasi” belgilab olinganini qayd etdi.

Varshava siyosiy fanlar instituti professori Yanush Zalejniyning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi demokratiyaning haqiqiy ifodasi sifatida mamlakat rivojining deyarli barcha qirrasini qisqa va o‘rta muddatga qamrab olgan keng ko‘lamli ijobiy islohotlar dasturidir.

Gap davlatni keng ko‘lamda isloh qilish haqida ketganda, shaxsning tarixiy xizmatlarini munosib baholash, albatta, o‘rinlidir. Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasi instituti bo‘limi boshlig‘i Din Syaosinning aytishicha, o‘tgan bir yil davomida Shavkat Mirziyoyev mamlakatni modernizatsiya qilish va yangilashda mislsiz islohotlarni amalga oshirib, jasorati, ulkan salohiyati va yuqori tashkilotchilik qobiliyati bilan barchani hayratlantirdi.

Ukrainadagi mashhur “Yevropa — Osiyo — Media” nashri bosh muharriri Artur Gashenko O‘zbekistonning so‘nggi yutuqlarini tahlil qilib, davlatning muvaffaqiyatli o‘zgarishi, mintaqaning barqaror, tinch rivojlanishi uchun mamlakat rahbariyati nima qilishi zarurligi va qay yo‘nalishda harakatlanishi kerakligi bo‘yicha aniq tasavvurga egaligini yozadi.

Shu ma’noda, mamlakatimizda 2018-yilga nom berilishi ham xorijiy ekspertlarning e’tiboridan chetda qolmadi. Xususan, Boltiq yangiliklari xizmati (Latviya)ning xalqaro xabarlar muharriri Alvis Eglitis Shavkat Mirziyoyevning Murojaatnomada 2018-yilga “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berish bo‘yicha tashabbusini yuqori baholab, mamlakat kelajagi — innovatsiyalardan iboratligini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistondan yetishib chiqqan buyuk ajdodlar, olimu fuzalolar Sharq Uyg‘onish davri va qadimiy tamaddunlarning eng buyuk namoyandalari hisoblanib, mamlakat bu tarixiy merosni davom ettirishga va zamonaviy dunyoda ham taraqqiyotning yetakchisi bo‘lishga tayyor”, deya yozadi Eglitis.

Chet ellik ekspertlar barcha yo‘nalish, shu jumladan, davlat boshqaruvini takomillashtirish bo‘yicha vazifalar aniq maqsadlarga, natijalarga qaratilganini qayd etishmoqda. Masalan, San Pablo-Madrid universiteti professori Antonio Alonso Markosning fikricha, “quruq demokratik atamalar va shiorlar bilan o‘ralashib qolmasdan” davlat hokimiyati tizimini chinakamiga isloh qilish rejalashtirilgan.

Anqara strategik tadqiqotlar markazi (“AnkaSAM”) direktori Mehmet Seyfitdin Erolning qayd etishicha, O‘zbekiston endilikda zaif bir mamlakat emas, balki zamonaviy voqeliklarga bosiqlik bilan yondashadigan, o‘z imkoniyat va kamchiliklarini xolis baholay oladigan hamda ustuvor yo‘nalishlari va strategik maqsadlarini mustaqil belgilashga qodir bo‘lgan yetuk davlatga aylandi. Bu yangi O‘zbekistondir.

Chet ellik ekspertlar sud-huquq islohotlarini O‘zbekistonning adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi intilishi sifatida ko‘rmoqda. Turkiya advokatlar assotsiatsiyasi ijroiya kengashi a’zosi Kursha Karachabeyning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistonda butun dunyoda keng tarqalgan qabih illat — korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2017 yilda qabul qilingan Davlat dasturi zamonaviy talablarga, shuningdek, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti doirasida qabul qilingan korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha Istanbul harakat rejasi qoidalariga to‘la mos keladi. Bu kuchli siyosiy xohish-iroda ifodasi bo‘lib, milliy qonunchilikni korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

“BRIKS” Savdo-sanoat palatasi boshqaruvi a’zosi Rajesh Mexta (Hindiston)ning nazarida, sud tizimi mustaqilligi va adolatliligi hamda korrupsiyaga barham berish har qanday mamlakat taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu, avvalambor, xalqning hokimiyat organlariga ishonchi mustahkamlanishida namoyon bo‘ladi. Aks holda, jamiyatning to‘laqonli va barqaror rivojlanishi haqida gapirish noo‘rin. Chunki odamlar o‘z hukumatiga ishonmasa, jamiyatda turli “jarlik”lar paydo bo‘ladi.

Italiyaning Markaziy Osiyo tadqiqotlari assotsiatsiyasi (ASIAC) a’zosi Fabio Indeoning aytishicha, Shavkat Mirziyoyev uchun O‘zbekistonni dunyoga ochish eng muhim yo‘nalish bo‘lib, bu ichki iqtisodiy o‘sishga, chet el investitsiyalarini va biznesini jalb qilishga turtki beradi.

Gunadarma universiteti (Hindiston) Eko Shri Margiantining aytishicha, hozirgi kunda mamlakatni muvaffaqiyatli rivojlantirishning asosiy omili iste’dodli odamlar va ularning innovatsion g‘oyalari hisoblanadi. Bu faol tadbirkorlik bilan uyg‘un holda O‘zbekistonda zamonaviy industriyani ravnaq toptirish uchun o‘ziga xos platforma bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar “start-ap”lar, boshqa zamonaviy tadbirkorlik turlarini taraqqiy toptirish uchun maydonlar yaratmoqda. O‘zbekiston ushbu yo‘lda faol raqobat qilishi -mumkin.

Ijtimoiy sohalardagi islohotlar aholi hayotini yaxshilashga qaratilgan. Bu haqda Gretsiyaning Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti direktori Andreas Andrianopulos shunday fikr bildiradi. Uning aytishicha, kelajak avlodga kiritilgan investitsiya eng to‘g‘ri sarmoyadir. Chunki mamlakatning farovonligi, shubhasiz, aholining, ayniqsa, yoshlarning ta’lim sifatiga bog‘liqdir. O‘sib kelayotgan avlod esa har qanday davlat taraqqiyotining lokomotivi hisoblanadi. O‘zbekistonda turli sohalar uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, 2017 — 2021-yillarda Oliy ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish dasturi yaqin kelajakda o‘z mevasini beradi. O‘zbekiston aynan inson resurslari tufayli barcha yo‘nalishda yuqori natijalarga erishadi.

Xorijlik ekspertlar Murojaatnomada belgilangan xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo‘nalishlarni qizg‘in qo‘llab-quvvatlamoqda. Misol uchun, Polsha kimyo sanoati palatasi raisi Kshishtof Karbinskining fikricha, O‘zbekiston mintaqada ham, dunyoda ham yuksak hurmat qozona olishini ko‘rsata bildi. O‘zbekiston rahbariyatining tashabbuslari yetakchi xalqaro tashkilotlar tomonidan ijobiy kutib olinmoqda va ko‘p hollarda diplomatik muvaffaqiyat sifatida e’tirof etilmoqda.

Chet ellik ekspertlar baholari O‘zbekiston tanlab olgan Harakatlar strategiyasi nechog‘li to‘g‘riligini ko‘rsatadi. Albatta, tanlagan yo‘limiz oson emas. Ammo qat’iy azmu qarorimiz, siyosiy iroda va xalq qo‘llab-quvvatlashi bilan ko‘zlangan ezgu maqsadlarga erishish mumkin.

Suhrob Yusupov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘limi rahbari.

(Manba: “Xalq so‘zi” gazetasi)


Back

   Back to the top    Print version   
© 2004, Embassy of Uzbekistan to the United States.
All Rights Reserved.
 Design.uz Studio
Design.uz Studio
Site Development